Get Mystery Box with random crypto!

​​Toshkent xalqaro aeroportida avtoturargohlar rekonstruksiya | UZBEKISTAN AIRPORTS

​​Toshkent xalqaro aeroportida avtoturargohlar rekonstruksiya qilinmoqda: avtomobil turar joylari soni ikki barobarga ortadi

Bugungi kunga qadar “Uzbekistan Airports” balansiga Toshkent aeroportining xalqaro aviaqatnovlar terminali atrofidagi oltita avtoturargoh topshirilgan. Yaqin vaqt ichida oʻrtacha 400 avtomobilga moʻljallangan yana bir avtoturargohning topshirilishi kutilmoqda. Avtoturargohlarni rekonstruksiya qilish va kattalashtirish natijasida avtomobil turar joylarining umumiy soni ikki barobar ortadi.

Ayni kunlarda poytaxt aeroporti yaqinidagi mavjud avtoturargohlarni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Masalan, uchib ketish zali oldidagi avtoturargohda avtomobil turar joylari soni 214 tadan 333 taga oshiriladi. Hudud soyabon va savdo nuqtalarini olib tashlash, shuningdek, avtobus va taksilar uchun kirish yo'laklarini qayta qurish hisobiga kengaytiriladi. Shuningdek, uchib kelish zali oldida 175 o‘rinli yangi avtoturargoh yaratilib, 122 o‘rinli mavjud avtoturargoh rekonstruksiya qilindi. Umuman olganda, aeroport atrofidagi hududning yangi loyihasiga asosan avtomobil turar joylari soni 187 foizga — 336 tadan 630 tagacha ko‘paytirildi.

Uchish va kelish zallari orasidagi avtoturargoh ham rekonstruksiya qilinmoqda va u mehmonxonaga/mehmonxonadan tashishni amalga oshiruvchi turistik avtobuslar va mikroavtobuslar uchun mo‘ljallangan. Chekka hududdagi ikkita avtoturargoh ham kelgusida rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilmoqda. Yashil hududdagi katta avtoturargoh hozirda “Uzbekistan Airports” balansiga o‘tkazilmoqda.

“Aeroport oldi hududining yangi loyihasi hududni optimallashtirish hisobiga avtoturargohlar sonini ko‘paytirish, shuningdek, barcha transport turlari — avtobuslar, shaxsiy avtomobillar va taksilar uchun alohida yo'laklar qurish imkonini beradi. Loyihaga ko'ra, odamlar ko'chada turmasligi lozim, avtoturargoh — faqat avtomobillar uchun. Yo‘lovchilar kuzatuvchi va kutib oluvchilar uchun esa terminalning o‘zida sharoitlar yaratilmoqda. Tez orada uchish zalining uchinchi qavatida umumiy ovqatlanish va chakana savdo shoxobchalari ishga tushadi. Uchib kelish zali oldida kutib oluvchilar uchun qishda issiq, yozda salqin bo'ladigan yopiq inshootlar, shuningdek, o'rindiqlar va savdo nuqtalari qurilishi rejalashtirilgan. Shuni qo‘shimcha qilish lozimki, ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hududda yuzdan ortiq daraxtlar ekiladi”, — deyiladi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabarida.

Avval xabar qilinganidek, barcha avtoturargohlar avtomatlashtiriladi, hozirda rekonstruksiya qilish doirasida kerakli jihozlar o‘rnatilmoqda. Shu bilan birga, tizimni sozlash va integratsiya qilish biroz vaqt talab etadi. Aerovokzal atrofidagi ishlarni joriy haftada yakunlash rejalashtirilmoqda. “Uzbekistan Airports” kompaniyasi vaqtinchalik noqulayliklar uchun poytaxt aeroportiga tashrif buyuruvchi yoʻlovchilar va mehmonlardan uzr soʻraydi.