Get Mystery Box with random crypto!

NIMA UCHUN BOLALAR SHIRINLIKNI YAXSHI KO’RADI? Barchaga maʼl | Uyqumashguloti

NIMA UCHUN BOLALAR SHIRINLIKNI YAXSHI KO’RADI?


Barchaga maʼlumki, kichkintoylar shirinlikka oʻch boʻlishadi. Lekin agar oʻylab koʻradigan boʻlsak, kundalik ratsionimizda shirinlikdan tashqari ham mazali yeguliklar juda koʻp (kimningdir xayoliga goʻsht, yana kimnikigadir sut mahsulotlari kelgan boʻlsa, ajab emas). Shunga qaramay, farzandlarimiz qanday yoʻl bilan boʻlmasin, aynan shirinlikka ega chiqishni xohlashadi. Nima uchun shunday boʻladi?

Bu savolning javoblari juda koʻp boʻlishi mumkin. Biroq eng keng tarqalgan sabab shuki, oʻzlari ham shirinlkini jondan ortiq koʻradigan kattalarning oʻzi bolalarni shunga oʻrgatadilar. Birorta ishini ragʻbatlantirish yoʻlida qandlar beminnat xizmat qiladi. «Qoʻlingni yuvsang, qand beraman!» Tanish holatmi? Biroq gap faqat bunda emas.

Biror bir koʻrinishda shirinlikni totib koʻrgan bola uni qayta va qayta soʻrayveradi. Sababi shundaki, shirinlik serotonin nomli gormonning ajralib chiqishiga taʼsir qiladi. Serotonin va endorfin gormonlarini «baxt gormonlari» ham deyishadi. Bu gormonlar faollashganda inson oʻzini juda yaxshi his qiladi. Aynan shu sababli ham ruhan yoqimsiz holatga tushgan, kayfiyati yoʻq bolada shirinlikka ehtiyoj tugʻiladi. Bu maʼlumot ilmiy tadqiqotlar bilan tasdiqlangan.

Bolalarning shirinlikka boʻlgan «cheksiz muhabbati» tushunarli holat. Biroq kattalar ham turli shokoladlar va tortlarni yaxshi koʻrishda bolalardan qolishmaydi. Taomdagi shirin taʼm uning kaloriyasi yuqoriligi va organizm tomonidan oson oʻzlashtirilishini bildiradigan signal hisoblanadi. Organizmimiz bunday taomni isteʼmol qilishga tabiiy ravishda moyil boʻladi. Shirinlik koʻz oldida ochiq turgan paytda organizmga undan voz kechish qiyinchilik tugʻdiradi.

Yana bir qiziqarli maʼlumot shuki, asal va mevalar shakarga toʻla oʻrinbosar boʻla olmaydi. Biroq shakarning kunlik tavsiya qilinadigan meʼyori juda oz boʻlib, kunlik kaloriyalar miqdoridan 10% ini ham tashkil qilmaydi. Agar ana shu meʼyorga amal qilinsa, bu organizm uchun foydali boʻlgan glyukoza va quvvat manbai boʻlishi mumkin.

Bolalarning shakar isteʼmol qilishiga kelsak, ular uchun shirinlik isteʼmol qilganda yuzaga keladigan xursandchilik kayfiyati goʻyo jismoniy va hissiy muammolari hal qilingandek tasavvur hosil qiladi. Bola shirinlikka oʻta bogʻlanib qolganmi? Oʻylab koʻring, aslida unga nima yetishmayapti? Balki uning jismoniy rivojlanishi uchun nimadir yetishmayotgandir? Ehtimol, uning hissiy yoki ruhiy tarafdan biror nimaga ehtiyoji bordir? Bola aynan qachon shirinlik soʻrayotganiga eʼtibor berib, kuzatib koʻring: balki charchagan, xafa boʻlgan, balki oʻzini yolgʻiz his qilayotgandir, balki aksincha, kun boʻyi miya oʻta koʻp faoliyat bilan band boʻlgandir.

Amerikada olib borilgan tadqiqotlar natijalariga koʻra, shirinlikka nisbatan intilish bolaning rivojlanish tezligiga bogʻliq. Bu intilish qancha oz boʻlsa, bola suyaklarining rivojlanishi ham shuncha sekin boʻlgan. Bu hodisani olimlar bolaning oʻsishi bilan bogʻliq ehtiyojlari uni qoʻshimcha quvvat manbalarini izlashga undashi bilan izohlashdi.

Shuni ham taʼkidlash lozimki, shakar deganda faqat shakar idishidagi shakar tushunilmaydi, balki oʻsayotgan organizm uchun undan anchagina foydali boʻlgan «ichki» shakar ham bor. Bu shakar mevalar, asal, sabzavotlar kabi mahsulotlarda mavjud. U organizmga juda oz miqdorda tushsa ham, oʻzi bilan birga vitaminlar, minerallar va oziq tolalarini ham olib kirishi bilan foydali.

@uyqumashguloti