Get Mystery Box with random crypto!

AYOLNI URMANG! Bu yerda chiroyli so‘zlar, hadislardan namunal | Umar Xayyom

AYOLNI URMANG!

Bu yerda chiroyli so‘zlar, hadislardan namunalar bo‘lishi mumkin edi. Mushohadaga chorlovchi sarlavha ham. Unday qilmadim, chunki necha oylardan beri “yozmayman, bu mavzuga aralashmayman” deganim sari bu mavzu juda ham ko‘p qarshimdan chiqyapti: kaltaklanayotgan ayollar… (Bu haqda yozish bir necha yillik ruhiy jarohatlarimni tirnashi mumkinligi uchun ham yozmay yurgandim. Ammo ana shu og‘riqlar ichra nimadir yozmasam bo‘lmasligini tushundim.)
Biz kaltaklangan, tahqirlangan, farzandining najasi yedirilgan, zo‘rlangan… hatto o‘ldirilgan, ha-ha, eri tomonidan o‘ldirilgan ayollar haqida ham bemalol, bir tukimiz o‘zgarmay fikr aytiladigan, bu xo‘rlik va vahshiylikka ayolning qaysi aybi sabab bo‘lgani muhokama qilinadigan jamiyatda yashayapmiz. Biz “ayolni urmaslik kerak” degan odamga dushmanona qaraladigan, benomusdan olib, feministga solinadigan jamiyatda yashayapmiz.
Odamlar kimnidir muhokama qilayotganda o‘zini qanday his qilarkina? Farishta debmi, avliyo debmi? Birovlarni xuddi o‘zida zarracha ayb yo‘qdek muhokama qilishadi. “Ayol eriga gap qaytarsa, urish mumkin”, “Ayol qaynonadan alohida yashaymiz desa, qaynonaning oldida tahqirlash mumkin”, “Ayol befarosat bo‘lsa, videoga olib sharmanda qilish mumkin”, “Ayol xiyonat qilsa, o‘ldirish shart!” Zamondoshlarimizning fikri bular! Dahshat! Xiyonat haqida yozmoqchi emasman. Barchasiga kifoya qiluvchi, hisob-kitobini to‘g‘rilab, har ishning jazosini ham, mukofotini ham beruvchi Zot bor.
Men erkak tomonidan kaltaklanayotgan, qatl qilinayotgan ojiza xilqatning taqdirini o‘ylayapman. Kelajakni o‘ylab, qizimning, shu millat qizlarining taqdirini o‘ylab tashvishga tushyapman. Jamiyatda ayolni urish mumkin degan fikr shakllangan. Hatto o‘ldirilgan ayolning ham nima uchun eri o‘ldirganini surishtirishadi. Qani ayting-chi, ayolni qaysi aybi uchun o‘ldirish kerak? Umuman, banda bandaning jonini olishi qaysi dinda va qaysi millatda, qaysi urf-odatda mumkin? Kuchlilarning ojizlarga zulm qilishi qayerda yoqlanadi?
Sabab muhim emas, muhimi natija: ayol kaltaklandi va o‘ldirildi! Qaysi jamiyatda ayol kaltaklansa, u jamiyatda botir yigitlar, ma’suma qizlar yetishib chiqmaydi. Chunki alamzada ayol alamini ichiga yutib farzandini qornida ko‘taradi, alamini ichiga yutib, zo‘rg‘a chidab unga sut beradi. Asablar, alamlar, tahqirlarni yutgan farzandlar kim bo‘lib yetishadi? Zo‘ravon erkak, javraqi ayol. Inson tasavvurida erkak va ayol modeli dastlab oilada ota-ona misolida shakllanishi ko‘plab ilmiy kitoblarda tasdiqlangan. Oilada onasining tahqirlanganini, kaltaklanganini, yuz-ko‘zi ko‘karganini ko‘rib ulg‘aygan o‘g‘il farzand ongida “ayolni urish mumkin” degan fikr shakllanadi va kelajakda u ham onasining azoblarini qaysidir sho‘ring qurg‘urga qaytaradi. Bunday oilada katta bo‘lgan qiz esa erkaklarga nisbatan qo‘rquv, nafrat bilan ulg‘ayadi. Erta bir kun turmushga chiqqanda ham eriga mehr bera olmaydi va yana qarabsizki, kaltak yeydi…
Ayolni urish mumkin, o‘ldirish mumkin degan fikrni o‘zgartirmasak, bizni juda ham ayanchli kelajak kutib oladi. Ayoli xo‘rlangan jamiyat – tamom bo‘lgan jamiyat. Unda muhabbatga, go‘zallikka, ezgulikka o‘rin yo‘q. Bu maqolani o‘qiyapsizmi, demak, sizning ham opangiz, singlingiz, qizingiz bordir. Yo‘q bo‘lsa, onangiz bordir… Nahotki, ularni urish mumkin?!

Sitorabonu Shomurodova,
o‘qituvchi
Facebookdan olindi