Get Mystery Box with random crypto!

Odatdagiday kunlarning biri... Vaziyatga qarab ishga turli xil | Tuproq

Odatdagiday kunlarning biri... Vaziyatga qarab ishga turli xil transport vositalarida boraman. Bir kuni taksi to‘xtatdim, haydovchi chamasi ellik yoshlardagi amaki ekan.

-  Hilol nashrga, Shayx hazrat nomlaridagi masjid…
-  Bo’ldi, bo’ldi, chiqing, ketdik, dedilar gapimni oxirigacha eshitmay.

Manzil tomon yo‘l oldik. Amaki darrov gap boshladilar:

- Hazrat bizga, xalqqa shuncha xizmat qildilar-u, biz ularning nashriyotini bilmasak uyat bo‘lar. U kishi bir keldilar-u, ketdilar…

Haydovchi amaki yo‘l bo‘yi hazrat bilan bog‘liq xotiralarini gapirib berdilar. Men ularni tinglar ekanman, ko‘proq yo‘l yurishni istardim. Ammo bir zumda manzilga ham yetib keldik. Yaxshi tilaklar ila amaki bilan xayrlashdik.

Aslida bugun birinchisi emas, bunday xotiralarni ko‘p eshitganman. Kimdir yoshligidan tanigan, yana birov masjidlardagi suhbatlarida ishtirok etgan, boshqa birodarimiz esa to‘y yoki tadbirlardagi suhbatlarida bo‘lgan va har birining o‘ziga yarasha xotirasi bor.

Ishxonaga kirib kelyapman-u, shuurim hazrat xalqning qalbidan qanchalar chuqur joy olganini anglashga urinardi.

Agar kimdir bir inson haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmasdan gapirayotgan bo‘lsa, bu uning nuqsoni, eng kamida odobsizligining belgisi. Nuqsonini tuzatish uchun o‘qisin, o‘rgansin, mulohaza qilsin.

Hazrat bugun hayot bo‘lmasalarda, ularni tanish uchun imkoniyatlar bisyor. Marhamat, u kishining kitoblari nafaqat do‘konlarda, balki masjidlarda ham bor.

Agar kitobni ko‘tarib yurishga noqulay desangiz, telefoningizga Hilol eBook dasturini o‘rnating, hamma kitoblari elektron holatda mavjud. O‘qishga vaqt yo‘q desangiz, hazratning o‘zlari o‘qigan tayyor audiokitoblar bor. YouTubega kirsangiz, islom.uz va boshqa sahifalarda videolar joylashtirilgan.
U kishini yanada ko’proq tanimoqchi bo‘lsangiz, yaqinda taqdim etilgan “Islomga bag‘ishlangan umr” nomli hujjatli filmni ko’ring?!

1-qism



2-qism




U kishining safdoshlari, shogirdlari va ulamolarning xotiralari berilayotgan “Hazratni xotirlab” turkum suhbatlarini tomosha qiling?!



O‘qing, o‘qimasangiz eshiting. Eshitmasangiz tomosha qiling. Ammo tanimayman deb, bahona izlamang.

Alloh taolo hazratimizning, oxiratlarini obod, maqomlarini oliy qilsin!

23.12.2022

@QamariddinBekmuhammad