Get Mystery Box with random crypto!

​Nvidia Geforce - Katta taqdimot! Dunyodagi eng yirik videoka | Techno Ali

Nvidia Geforce - Katta taqdimot!

Dunyodagi eng yirik videokarta ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri hisoblangan Nvidia kompaniyasi sal avval taqdimot o'tkazdi. Shu taqdimot haqida qisqacha gapirib bersam. Diqqat qiling, kompyuterga qiziqishi bo'lgan barchani qiziqtirishi aniq.

Eng avvalo taqdimot Fortnite o'yiniga ham RTX funksiyasi qo'shilayotgani bo'ldi. Bundan avval eng ko'p o'yinchilarga ega bo'lgan Minecraft o'yini ham RTX funksiyasi bilan ishlab chiqarilgan edi.

Nvidia Reflex - grafik karta va CPU o'rtasidagi aloqaning uzilishlarsiz, uzoq tanaffuslarsiz ma'lumot almashinishini ta'minlovchi funksiya. Bu funksiya yuqori ekran chastotasida o'ynovchi geymerlar uchun juda qo'l keladi.

Yangi, G-Sync funksiyasi bilan ishlovchi 360Hz yangilanish chastotasiga ega o'yin monitorlari. Bunday monitorlarni bir qancha ishlab chiqaruvchilar taqdim etishmoqda.

Nvidia Broadcast - O'yinlarni striming qilish uchun mo'ljallangan dastur. Boshqa dasturlardan ko'ra bir qator afzalliklarga ega. Professional shovqin yo'qotish, webkameradagi fonni o'zgartirish yoki butunlay yo'qotish va hokazo.

Nvidia Omniverse Machinima - Yodingizda bo'lsa, eski o'yinlarning hikoya qilinadigan qismi video ko'rinishida ishlanib, bu videolar yuqori sifatli holatda bo'lgani uchun ham hajmi juda katta bo'lardi. Masalan, 30 soniyalik videoning o'zi 3-4GB bo'lishi mumkin edi. Lekin hozirda ko'plab video-o'yinlar "in-game" hikoya aytilishini qo'llashmoqda, ya'ni, hech qanday videolarsiz, o'yinning asl grafikasi bilan. Yangi, Nvidia Omniverse Machinima bilan esa, bu funksiya ham professional kinematik effektlar bilan boyitilib, hikoyaga o'zgacha tus beradi.

Nvidia DLSS - Sun'iy Intellekt kuchi bilan o'yindagi kadrlar sonini oshirishga xizmat qiluvchi funksiya. RTXni qo'llagan holda, albatta.

Nihoyat, asosiy yangilikka o'tsam. Agar yaqin orada videokarta sotib olishni niyat qilgan bo'lsangiz, shoshilmay turganingiz ma'qul. Chunki yangi modeldagi videokartalar odamni hayratga soladi!

Nvidia Geforce RTX3070 - 8GBlik xotiraga ega, yangi avlod RTX funksiyasini qo'llovchi, 256-bit tezlikda ishlovchi betakror grafik karta!

Nvidia Geforce RTX3080 - 10GBlik xotiraga ega, yangi avlod RTX funksiyasi bilan ishlovchi, 760GB/s tezlikda ma'lumot almashina oladigan, 320-bit tezlikda ishlovchi ideal grafik karta.

Shoshmang, bular nimasi bilan hayratga soladi, deyapsizmi? O'z kuchi va narxi bilan! Hozirda bozordagi eng kuchli videokarta sanalgan RTX2080Ti modelining narxi 1400-1500 dollar atrofida. Kuch jihatidan RTX2080 modelining 2tasiga teng deyilayotgan, kamiga yangi avlod RTX funksiyasida ishlovchi RTX3080 modelining narxi esa 699 dollardan boshlanadi! Sotuvda 17-Sentyabrdan boshlab.

RTX2080Ti modelidan tez ishlashi va'da qilinayotgan, 8GBlik RTX3070 modelining narxi esa 499 dollardan boshlanadi! Sotuvda oktyabr oyidan boshlab.

Xo'sh, agar sizga grafik kartaning haqiqiy "maxluq"i kerak bo'lsa, siz uchun ham birnima topiladi: RTX3090 modeli!
350W kuchlanishda ishlovchi, 936GB/s tezlikda ma'lumot uzata oladigan, 384-bit tezlikda ishlaydigan ushbu model 24GBlik xotiraga ega! Narxi esa, 1499 dollardan boshlanadi. Sotuvda 24-sentyabrdan boshlab.

Demak, agar qimmat videokarta olishni niyat qilib yurgan bo'lsangiz, biror oylar sabr qilishni maslahat beraman. O'ylaymanki, bu yangilik sizlarni befarq qoldirmadi . Hozircha sizlarga yetkazmoqchi bo'lganlarim shulardan iborat edi, kanaldan uzoqlashmang!

@TheTechnoAli