Get Mystery Box with random crypto!

Meni oʻzgartirgan salom Bir DAN xodimi aytib berdi: “Oylik o | The Shaxsiy

Meni oʻzgartirgan salom

Bir DAN xodimi aytib berdi:

“Oylik olgan kunim edi. Qoʻshimchasiga mukofot puli ham berishdi. Kayfiyat zoʻr. Bugun hech kimga jarima yozmayman dedim-da, ishga chiqdim.

Xizmat joyimda tursam, uzoqdan yangi inomarka kelyapti. Toʻxtatdim.
- Assalomu alaykum, aka yaxshimisiz?
- Va alaykum assalom. Allohga shukr.
- Moshinalar muborak boʻlsin!
- Sizga bundanam yaxshisini nasib etsin!
- Aka, men Falonchi Falonchiyev... Xizmatchilik, hujjatlaringizni tekshirib qoʻysak.

Haydovchi bemalol dedi-da, hujjatlarini taqdim etdi. Sinchiklab tekshirsam-da biron muammo topolmadim. Bazadan shtraflarni tekshirdim: top-toza. Shunda shayton qurgʻur eski sinalgan usulingni qoʻlla, deb qulogʻimga quydi. Haydovchiga jiddiy qarab:
- Aka nima qoidabuzarlik qilganingizni bilasizmi, - dedim.

Odatda, bunaqa paytda malakasiz va eʼtiborsiz haydovchilar oʻzini yoʻqotib qoʻyar, ularga bironta navbatchi qoidabuzarlikni qoʻyvorsa boʻlaverardi. Haydovchi aka oʻzgarmadi ham, oʻsha-oʻsha kayfiyatda ”bilmasam“ dedi. ”Tuzoqqa ilindi“ dedim ichimda.

- Polosani bosdingiz. Protokol qilamizmi?

Haydovchi hech boʻlmasa men bilan tortishishi, haqini talab qilishi, jilla qursa, ”yozmay qoʻyovring, kamandir“ deyishi kerak edi. Inomarka egasi favqulodda xotirjamlik bilan:
- Qoidani buzgan boʻlsak, yozavering, - dedi.

Toʻgʻrisi bunaqa xotirjam haydovchini umrimda birinchi marta koʻrib turibman. Bir tarafdan jahlim chiqadi, ikkinchi tarafdan vijdon qiynalyapti. Oxiri maqsadga oʻtdim:

- Gʻalati odam ekansiz, kim nima desa ishonaverasizmi? - dedim kulgi aralash. U esa menga shunday javob berdiki, boshim gʻovlab ketdi:
- Gʻalati emasman. Menga Allohning salomini yoʻllab, goʻzal muomala qilgan odam meni aldamasa kerak.

Javob oʻq boʻlib yuragimga joylangan edi. Ters oʻgirildim-da, dodlab yubormaslik uchun chuqur nafas oldim. Hujjatlarni qaytarib berarkanman:
-Uzr soʻrayman, ketavering, hech qanday qoidabuzarlik qilmadingiz, dedim.

Inomarka egasi, hujjatlarni qutiga solarkan, ichidan kichik bir atirni oldi-da, menga berarkan: ”Mana bu hadyani qabul qiling, chin dildan, umradan olib kelgandim. Assalomu alaykum!" dedi.

Qoʻllarim qaltirab zoʻrgʻa oldim. Yerga choʻkkalab uzoq oʻylanib qoldim.

Inomarka egasi menga moʻminlikni oʻrgatib ketgan edi. Oʻshandan beri birovga nohaq jarima yozmadim, hech kimga yomon muomala qilmadim...

Davronbek Tojialiyev

@theshaxsiy