Get Mystery Box with random crypto!

EL Gʻalati elat bu, g‘alati el bu, Niyati bo‘lakcha, amali ma | Temurbek Adhamov

EL

Gʻalati elat bu, g‘alati el bu,
Niyati bo‘lakcha, amali mavhum.
Bu eldan Buxoriy chiqishi mumkin,
Lekin g‘ariblikda yashashga mahkum.

Gʻalati elat bu, g‘alati el bu,
Tushunib bo‘lmaydi asrorlarini.
Mashrabni osadi va orqasidan
Yig‘lab o‘qib yurar ash’orlarini.

Gʻalati elat bu, g‘alati el bu,
Botini chirkinlik, zohiri sodda –
O‘tkan kunlarini yozgan o‘g‘lini
Bilmay otib qo‘yar Yunusobodda.

Gʻalati elat bu, g‘alati el bu,
Timsoh ko‘z yoshidan bitmish lug‘ati.
Ibn Sinoni-yu Ulug‘begini
O‘zi tug‘adi va o‘zi bo‘g‘adi.

Gʻalati elat bu, g‘alati el bu,
Tushunib bo‘lmaydi sira ham, aytsam.
Bir jarlik ko‘raman yo‘l oxirida,
Oldinga yur, deydi orqaga qaytsam.

Gʻalati elat bu, g‘alati el bu,
Buyuklik sharafdir, biroq o‘y surmang.
Tag‘in, dardlarini eshitayin deb
Boburni sira ham uyg‘ota ko‘rmang!

Xayrulla Hamidov