Get Mystery Box with random crypto!

​​Menga turli yo’llar orqali shu kabi savollar juda ko’p kelad | Temurbek Adhamov

​​Menga turli yo’llar orqali shu kabi savollar juda ko’p keladi. Tajribam va Najot Ta’limdagi keyslardan kelib chiqib shu savolga umumiy javob bermoqchiman.

Savol: IT sohasiga juda qiziqaman, lekin kompyuterni umuman tushunmayman, nima qilay?

Javob: Bugun ko’pchilik ITga qiziqadi, dasturlashga qiziqishi tufayli kamida frontend sohasida o’zini sinab ko’radi. Tajriba shuni ko’rsatadiki, bu ishtiyoq dars boshlangandan keyin bir oyda so’nadi. Soha menga emas ekan, kabi firklar yangray boshlaydi. Yechim sifatida avvalo kompyuter bilan ishlashni bepul darslar orqali ishtiyoq bilan o’rganishni so’ng dasturlash, shu kabi ITga oid va yondosh sohalarni oz bo’lsada, eng kamida Youtube orqali o’rganib ko’rishni maslahat beraman. Agar siz boshlang’ich tarzda o’rganib ko’rib (kamida bir oy) ishtiyoqingiz so’nmasa, endi keyingi qadamni ya’ni yo’nalish tanlashni boshlasangiz bo’ladi.

Savol: Onlayn kurslari orqali mutaxassis bo’la olamanmi?

Javob: Onlaynda ham oflaynda ham zo’r mutaxassis bo’lish ko’p hollarda o’zingizga bog’liq jarayon. Ikkisining ham o’ziga yarasha kuchli va zaif tomonlari bor. Agar sizda vaqt yoki joylashuv tomonlama muammo bo’lsa, doimiy intizomni o’zingizda shakllantira olsangiz, Google bilan ishlash ko’nikmasi a’lo dararajada bo’lsa, shu bilan birga savol berish madaniyatini shakllantira olsangiz onlayn kurs aynan siz uchun. Shu holatda natijaga erishingiz foizi ancha oshadi.

Savol: Yoshi katta bo’lib IT sohasida muvaffaqiyatga erishganlar bormi?

Javob: Tajribamda 35-42 yoshdagi akalarning ham o’qishni tamomlab o’z ish joyiga ega bo’lganini ko’rdim. Lekin bu yoshda o’qish yoshlarga nisbatan biroz qiyin bo’ladi. Sababi, avvalo vaqt muammoasi, shu bilan birgalikda yosh o’tgan sari oila tashvishlari ham ortib boradi. Deylik, o’rganib bo’lib ishga yoki amaliyotga joylashgan taqdirda ham hech kim katta oylik bilan kutib olmaydi. Boshlang’ich 6 oy muddatgacha oylik olmasligingiz yoki juda kam oylikka ishlashingizga to’g’ri kelishi ham mumkin.

Savol: Qaysi yo’nalishni maslahat bergan bo’lardingiz?

Javob: Eng avvalo ingliz tilini o’rganishni maslahat bergan bo’lar edim. Sababi ingliz tilisiz ish topish borgan sari qiyinlashib boryapti, har qanday IT sohasini o’rgansangiz ham ingliz tili bo’lmasa ishga kirish foizingiz tushib boraveradi. Yo’nalish bo’yicha kelsak yoshingizdan kelib chiqib QA (sifat nazorati yoki testlovchi) PM (loyiha boshqaruvchisi) sohalarini o’rganishni yoki bo’lmasa dasturlashdan aniq sohani tanlash uchun foundation bosqichini tamomlashingizni maslahat beraman.

Savol: Qaysi platformalarni tavsiya qilasiz?

Javob: Bugun O’zbekiston bozorida PDP, Eduon, Mohirdev va Najot Ta’lim o’zlarining onlayn kurslarini taqdim etib kelyapti. Siz ular taqdim qilgan takliflarni ko’rib chiqib o’zingizga ma’qulini tanlashingizni maslahat beraman.

- - -

Ta’lim va IT sohasida tajribasi bor insonlarda ham qo’shimcha fikr va mulohazalar bo’lsa, baham ko’rilsa ko’pchilikka manfaatli bo’lar edi.