Get Mystery Box with random crypto!

Soxta achinishlarga boy bayonotlar Irina Matvienkoning yozish | Temurbek Adhamov

Soxta achinishlarga boy bayonotlar

Irina Matvienkoning yozishicha, joriy yil fevral oyining boshida u Senat majlisida Xorazmdagi mana shu voqealar haqida hammaga gapirib bergan (sud hukmi 2022-yil 6-sentabrda chiqqan). O'sha majlisda senatorlar, Oliy sud, Adliya vazirligi va boshqa ko‘plab tashkilotlar vakillari bo'lgan va bundan xabar topgan. Lekin hech narsa bo'lmagan. Birorta tashkilot bu haqida jiddiy o'ylab ham ko'rmagan. Xuddi "ertalab quyosh chiqdi" degan oddiy xabarni eshitganday, majlisdan chiqiboq barchasini unutib yuborishgan.

Oliy Sud ham, Bosh prokuratura ham, Bolalar ombudsmani ham oradan shuncha oy o'tgan bo'lishiga qaramasdan bu haqida sukut saqlashgan. Balki o'zlaricha "mundir hurmati"ni saqlagan holda davlat amaldorlarining bu sharmandachiligini yashirishgandir, kim bilsin. Adliya hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi esa tizimi sharmanda bo'lmasligi uchun, bu xabarni berkitishdan manfaatdor bo'lgan.

Va kecha Irina Matvienko ushbu voqealar haqida batafsil ma'lumot e'lon qilgach hamda buning natijasida ijtimoiy tarmoqlar portlagach, birdaniga hamma tashkilot "tilga kirib qoldi".

Senat ham, Oliy Sud ham, Adliya va FVV ham, Bolalar Ombudsmani ham birdaniga o'zidan sipo yasab olib, ushbu voqeadan chuqur qayg'uda ekanligi, ishni nazoratga olishgani haqida birin-ketin bayonotlar berishdi.

Bularning barchasi soxta achinishlarga boy bayonotlar. Xuddiki o'zini hech narsadan xabari yo'qday tutib, do'ppi tor kelib qolganidan noiloj berilgan bayonotlar. Agar ijtimoiy tarmoqlarda odamlar qahr va g'azab sochmaganda edi, ushbu tashkilotlar ikki dunyoda ham bu voqeaga e'tibor qaratib o'tirmasdi.

Yoki agar ular rostdan bugungi kungacha bu voqeadan bexabar bo'lgan bo'lishsa, unda bu yanada yomon. Demak, ular bir tiyinlik tayinli ish qilishmayapti, o'z vazifasini tayinli bajarishmayapti degani. Vaholanki tizim ichida turib, bu voqeadan bexabar qolib ketish uchun ko'zi ko'r, qulog'i kar bo'lish kerak.


@xushnudbek