Get Mystery Box with random crypto!

Norvegiyada ro’mol Men e’tiqod borasidagi fikrlarimni odatda | Temurbek Adhamov

Norvegiyada ro’mol

Men e’tiqod borasidagi fikrlarimni odatda yozmaslikka harakat qilaman. Shuning uchun o’quvchidan bu postni e’tiqod nuqtai nazaridan emas, imkoniyatlar nuqtai nazaridan o’qishlarini iltimos qilaman.

Yevropaga bilim olishga kelmoqchi bo’lgan uka-singillarimizni havotirga soladigan jihatlari asosan e’tiqod masalalarida bo’ladi. Havotirga tushishlariga sabab bor. Chunki bizning jamiyatimizda tarixan g’arbga nisbatan negativ fikrlar mavjud bo’lgan. Bunday munosabat bugungi kungacha saqlanib qolgan, hattoki yanada kuchaygandek. Men bularni aksar qismini propaganda deb qarayman. Kreml propagandasi bizning jamiyatga ham ta’siri anchagina kuchlidek ko’rinadi men uchun. Shuning uchun men bu masalalarda fikr va ma’lumotlarni influencerlardan emas, balki g’arbda musulmon sifatida yashayotgan odamlardan olish tarafdoriman.

Menku mayli, g’arbparastdek tuyularman. Mendan boshqa bir inson fikrlarini bo’lishmoqchiman siz bilan.

Hozir 17 yoshli jiyanim bilan norveg jamiyatida ro’molli qiz va ayollarga bo’lgan munosabat haqida gaplashib qoldik. Jiyanimga ko’ra norveg jamiyatida ro’mollilarga nisbatan hurmatsizlik yoki kamsitish yo’qdek. Diskriminatsiya yo’q ekan bu yerda deydi. Ro’mol o’raganlarni jamiyatning barcha qatlamida ko’rish mumkin deydi. Kuzatuviga ko’ra ro’mol o’raganlar hamma joyda; do’kon ishchilari, shifokorlar, avtobus, metro yoki poyezd haydovchilari, hamshiralar va hokazolar orasida bor. Imkoniyatlar keng ekan deydi.

Yaqinda Norvegiyadagi siyosiy partiyalar yillik yig’ilishi bo’ldi. Unda har bir partiya kelayotgan yil uchun reja tuzadi, boshqaruv uchun a’zolariga ovoz beradi. Ko’pchilik uchun kutilmagan bir qiziq voqea bo’ldi. Men bu voqeani oldini olib bo’lmaydigan darajadagi hodisa deb bilar edim.

Norvegiyani parlament boshqaradi. Parlament bir nechta siyosiy partiyalardan iborat va unda jami 169 ta o’rin bor. Har bir partiyadan o’tgan saylov natijalariga qarab belgilangan sonda o’rinlar ajratiladi. Shu partiyalar ichida ”Sotsialistik so’l partiya” degani ham bor. Ular bugungi kun hukumatini 8% qismini tashkil etadi. Eng yirik partiya hukumatni 28% qismini tashkil etadi. 8% bu juda yaxshi ko’rsatkich va siyosiy kuchga ega. Ular Norvegiya jamiyati buguni va kelajagi uchun muhim qarorlar qabul qiladi.

Sotsialistik so’l partiya yillik yig’ilishida partiya rahbari va rahbar o’rinbosariga a’zolari orasida saylov o’tqazdi. Rahbar sifatida 41 yoshli Kirsti ismli norveg ayol kishini tanlashdi. Rahbar birinchi o’rinbosari sifatida asosan ikkita nomzod orasida kurash bo’ldi. Unda 52 yoshli Lars ismli norveg erkak kishi ustidan 36 yoshli Marian ismli ayol g’alaba qozondi. U partiya rahbari birinchi o’rinbosari bo’ldi.

Marian Hussein muslima ayol. U ro’molda. Unga rahbar o’rinbosari bo’lishi uchun musulmon bo’lmagan partiya a’zolari ham ovoz berdi. Uni yoshi kattaroq, tajribasi ko’proq, etnik norveg bo’lgan nomzoddan afzal ko’rishdi.

Marian endi Norvegiya parlamenti tarkibida. Endi Marian Hussein Norveg jamiyati uchun muhim bo’lgan masalalarga ta’sir ko’rsatish kuchiga ega. Marian Abdi Hussein biror sohada davlat vaziri bo’lishiga esa 2 qadam bor xolos. Agar keyingi saylovda bu partiya yanada ko’proq ovoz olsa Marianda sog’liqni saqlash vaziri bo’lish imkoniyati anchagina yuqori.

Har bir jamiyatning o’z yutuqlari va kamchiliklari bor. Kundalik hayotimizda e’tiborimizni nimaga qaratishimizga qarab fikrlarimiz va dunyoqarashimiz shakllanadi. Hayotdagi vaziyatlarga munosabatimizga qarab bilim olish imkoniyatlarimiz yoki oshib boradi yoki kamayadi. Shunga qarab oilamiz va uning kelajagi belgilanadi. Munosabatlarimiz saviya oshishi yoki pasayishini belgilaydi.

Sizga boshqa jamiyatlar haqida fikr bildirishganda, ayniqsa u jamiyat borasida tajribasi yo’q odamlar fikr bildirganida, ularga nisbatan tanqidiy munosabatda bo’ling degan bo’lar edim.

Men kelajakka nisbatan optimizm bilan qarashni afzal ko’raman. Dunyoda pessimizm yetarli darajada.

Marian Abdi Hussein Somaliadan Norvegiyaga kelganida 10 yoshlik qizcha edi. U savodsiz edi.

Bek Olimjon
31.03.2023
Norvegiya