Get Mystery Box with random crypto!

Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib oʻtgan noxush voqealard | GQ va KM Fakulteti Matbuot Xizmati | Rasmiy kanal

Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib oʻtgan noxush voqealardan Oʻzbekistonni Vatanim deb bilgan har qanday inson qaygʻuga tushdi. Necha asrlar davomida bir xalq, quda-anda boʻlib, senu menga bormay, tinch-totuv yashab kelayotgan xalq oʻrtasida kutilmaganda ayirmakashlikning chiqishi har qanday insonni tashvishga soladi. Men kimyogar olim sifatida Qoraqalpogʻistonning Qoʻngʻirot soda zavodida koʻp boʻlganman, mehnatkash, toʻgʻri soʻz, mehmondoʻst, tanti xalqi bilan hamsuhbat boʻlganman. Qoraqalpoq yoshlaridan koʻplab shogirdlarim bor. Ulardan yomonlik chiqishiga hech ham ishonmayman. Bu elning koʻngliga yomonlik urugʻini solmoqchi boʻlgan yot unsurlar katta hato qiladilar. Siyosiy gʻoʻr yoshlarni orqasidan ergashmoqchi boʻlsalar adashadilar. Soʻzi, dini, eʼtiqodi, madaniyati, tili bir boʻlgan xalq bunga yoʻl qoʻymaydi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida yashayotgan xalqimizning turmush farovonligi uchun keyingi yillarda katta ishlar amalga oshirildi va kelajakda qilinadigan ishlarning koʻlami ham katta. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaatida taʼkidlanganidek, oxirgi besh yilda hududning mahalliy byudjetiga qariyb 11 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Birgina 2020 yil yakuni boʻyicha Qoraqalpogʻiston aholisi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi daromad 3 barobariga oshgan. Orol boʻyi mintaqasida Orol dengizi atrofida yashovchi yurtdoshlarimizni ish bilan taʼminlash masalasida ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Orol boʻyida joylashgan har bir hududning qaysi sohaga ixtisoslashtirilganligiga qarab, ish oʻrinlari yaratishga harakat qilmoqda. Nafaqat baliqchilik va chorvachilik, balki turli xil zamonaviy ish oʻrinlarini yaratish borasida ish olib bormoqda. Keyingi besh yilda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar Qoraqalpogʻiston halqining ijtimoiy sohadagi muammolariga butunlay barham berishga qaratilganligini Qoraqalpoq xalqi koʻrib, his qilib turib, bunday noxush harakatlarga yoʻl qoʻyib berishlariga ishonmaymiz.

Oʻzbek, Qoraqalpoq xalqi bitta xalqmiz, bizning oʻrtamizga separatizm urugʻini sochib, ajratib yuborishga harakat qilayotgan ayrim guruhlarning kuchi bunga yetmaydi. Bizlarni ajratish uchun qilayotgan harakatlari samarasiz boʻlishiga ishonamiz. Sodir boʻlgan voqealardan biz yanada hushyor boʻlib, birligimizni, tinchligimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashimiz uchun ikki xalq yanada jipsroq boʻlib, kurashishimiz kerak. Tabiat bizga buzilmas birlikni, hamjihatlikni abadiy qilib berganligiga ishonamiz. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Biz Yangi Oʻzbekiston va Yangi Qoraqalpogʻistonni barchamiz birgalikda albatta barpo etamiz”.

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori, professor S.M.Turabdjanov