Get Mystery Box with random crypto!

Qargʻashoyi matosining yaratilishi haqida ertak. Bir bor ekan | Targ'ibotchi

Qargʻashoyi matosining yaratilishi haqida ertak.
Bir bor ekan ,bir yoʻq ekan.
Qadim zamonlarda bir tepalikda qargʻalar saltanati boʻlgan ekan. Bu saltanatni qirol Qargʻa boshqarar ekan.Qargʻalar-chi, xuddi odamlardek gaplasharkan.
Qirol Qargʻaning sevimli Malikasi boʻlib,Malikani saltanatdagilarning hammasi yaxshi koʻrishar ekan.Chunki Malika ham goʻzal,ham aqlli ekanda.
Qirol Qargʻa sevimli Malikasini har doim xursand qilish payida boʻlarkan.Saltanatdagilar ham Malikani xursand boʻlib yurishi uchun Qirolning har qanday buyrugʻini jon- jon deb bajarisharkan.Kunlardan bir kuni Qirol Qargʻa odamlar yashaydigan podsholik saroyiga boribdi.Borsa malikalarning egnida shunaqa chiroyli liboslari bor ekan.Qirol Qargʻa oʻzining malikasi libossiz yurishidan uyalib ketibdi.Saltanatidagilarni xuddi odamlardek chiroyli liboslarda yurishini istab qolibdi.Oʻz saltanatiga kelib,xizmatkorlariga buyruq beribdi:
-Qaysingiz oʻzimizga mos libos topib kelsangiz,munosib taqdirlanasiz!
Qargʻalar qiroldan munosib sovgʻa olish uchun har tomonga qarab uchib ketishibdi.
Bir qishloqda oʻz ishining ustasi keksa toʻquvchi bor ekan.Keksa toʻquvchining matolari doim qoʻlma-qoʻl boʻlib, hatto saroydagilar ham bu matolarda xarid qilishar ekan .Toʻquvchi yangi- yangi matolar yaratib podshoning eʼtiborli kishilari safidan joy olibdi. U oʻylab- oʻylab podshohga minnatdorchilik sifatida bir mato yaratishga ahd qilibdi va uni podsho nomi bilan atashni koʻngliga tugibdi.Qora va oq iplar uygʻunligida shunaqa ajib bir mato yaratilibdi,bunaqasini hali hech bir toʻquvchi toʻqimadan ekan.Yaratilgan bu mato oftobda shunaqayam jilolanibdi,asti qoʻyaverasiz.Toʻquvchi unga "Shohi mato" ,yaʼni " shohning matosi"deb nom beribdi.Toʻqigan matosini oftobga yoyib,oʻziyam rosa zavqlanib tomosha qilibdi.Xuddi shu payt Qirol Qargʻaning amrini bajarishga otlangan haligi qargʻalardan birining koʻzini oftobda jilolanayotgan " shohi mato" qamashtiribdi.Qargʻa yaxshilab razm solsa, izlab yurgan matoning aynan oʻzi yoyib qoʻyilganligiga amin boʻlibdi.Qargʻa yerga pastlab toʻquvchining oldiga kelibdi va salom beribdi:
-Assalomu alaykum usto bobo.
Bu ovozdan toʻquvchi uyoq buyoqqa alanglabdi.Oldida qargʻadan boshqa hech kimni koʻrmagach, "astagʻfirulloh " deb qoʻyibdi.
- Menga toʻqigan matongiz juda yoqdi, ruxsat bering,men uni olib oʻz saltanatimga eltay.Qirolimizni xursand qilay,Qirolimiz esa qirolichamizni xursand qiladilar, debdi
Qargʻaning gapirganini toʻquvchi hech qachon eshitmaganligi uchunmi, qattiq qoʻrqib ketib ,oʻtirib qolibdi.Qargʻa boʻlsa, matoni olib koʻkka parvoz qilibdi.Birdaniga nima gapligini tushunib yetgan toʻquvchi oʻziga kelib dod solibdi.Yugurishib hol soʻrab chiqqan qoʻshnilariga faqatgina " Qargʻashohi...,qargʻa... shoyi,qargʻashoyini opketdi ",deb gʻuldirab osmonni koʻrsataveribdi. Odamlar toʻquvchi yangi matosining nomini "qargʻashoyi" deb nomlagan ekanda ,deb oʻylashibdi.Ana shunday qilib" Shohi mato" Qargʻashohi"ga,keyinchalik esa " qargʻashoyi"ga aylanib qolibdi.
Keyin nima boʻlibdi deysizmi, Qirol Qargʻa xizmatkorining bu qilmishidan juda izza boʻlibdi.Axir qargʻa toʻquvchini qattiq qoʻrqitgandi.Buning ustiga xizmat haqiniyam bermay ketgandida.Qattiq xijolat boʻlgan Qirol Qargʻa hech kimga gapirmay qoʻyibdi.Qirol gapirmagandan keyin boshqalar qanday gapirsin.Oʻsha voqeadan keyin Qargʻalar saltanati tugatilibdi.Hamma har joyga tarqab ketibdi.
Lekin tepalik qolibdi,tepalik yaqiniga odamlar koʻchib kela boshlashibdi va bu yer " Qargʻatepa" qishlogʻida aylanibdi.
Bolajonlar, Xatirchi tumani haqida eshitganmisiz? Men sizga soʻzlab bergan ertakdagi " Qargʻatepa" qishlogʻi shu tumanda joylashgan.U yerda mehnatkash insonlar istiqomat qilishadi." Ertak aytib bering",deb xarxasha qiladigan bolajonlarga" Qargʻashoyi" matosining yaratilishi va " Qargʻatepa" qishlogʻi haqidagi ertakni aytib berishadi.Men ham sizlarga ushbu ertakni aytib bergim keldi.
Shuning bilan ertagim tamom,
Eshitganlar doim boʻlsin omon.