Get Mystery Box with random crypto!

Bir kun kelar... Bir kun kelar, domlalar qadri Tog‘ bo‘ladi, | Ta'limiy.uz | O‘qituvchilar

Bir kun kelar...

Bir kun kelar, domlalar qadri
Tog‘ bo‘ladi, osmon bo‘ladi.
Bizga kulgan odamlar dardi
Dil tubida armon bo‘ladi.
※※※
Bir kun kelar, muallim sho‘rlik
Sanab yurmay tiyinlarini,
Daftar, kitob tutar harbiylar,
Tashlab chipor kiyimlarini.
※※※
Bir kun kelar, mashina olar
Domla oylik moyonasiga.
Muallima qirq savat solar
Quda tomon to‘yonasiga.
※※※
Muallimlar ta’til puliga
Qiz chiqarib, o‘g‘il uylaydi.
Uylanmagan bo‘ydoq domlalar
Qiz tanlashga cho‘chib turmaydi.
※※※
Bir kun kelar, g‘am chekmas hech kim
Tushligiyu yo‘l kirasiga.
Dam olishga borar domlalar
Ovro‘paning Fransiyasiga.
※※※
Bir kun kelar, domlani hamma
Qadri baland zot deb biladi.
Go‘daklar ham prokurorlikmas,
Domlalikni orzu qiladi.
※※※
Qachon kelar o‘sha kun?-dersiz,
Sabr qiling, sal shoshmay turing.
O‘sha kunlar yetib kelguncha
Qadringizni ehtiyot qiling!
Qalbingizni ehtiyot qiling!

Abdulla Oripov

@TalimiyUz - Ta'limga oid xabarlar kanali