Get Mystery Box with random crypto!

Navoiy politexnika universiteti tashkil etiladi Normativ-huqu | Talaba.uz | Rasmiy kanal |

Navoiy politexnika universiteti tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga prezidentning “Navoiy politexnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Mazkur universitet Navoiy davlat konchilik instituti negizida tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, universitet Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufida faoliyat yuritadi hamda Navoiy davlat konchilik institutining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi. Universitetga qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Navoiy davlat konchilik institutida tahsil olayotgan talabalar esa universitetda o‘qishni davom ettiradi.

Shuningdek, universitetni transformatsiya qilishda nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalari hamda kompaniyalarini jalb qilish choralari ko‘riladi. Ta'lim maskani bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkaziladi hamda akademik mustaqillik beriladi. Qolaversa, hamkor sifatida biriktirilgan nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan kelishuv asosida ta'lim jarayoniga ularning professor-o‘qituvchilari jalb qilinadi va chet tillarida o‘qitiladigan fanlar bosqichma-bosqich kiritib boriladi.

Navoiy viloyati hokimligi universitetga yangi bino va inshootlarni qurish maqsadida 2022 yil may oyiga qadar yer maydoni ajratadi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati esa oliygoh uchun yangidan qo‘shimcha bino va inshootlarni qurish hamda tutash hududlarni rekonstruksiya qilish loyihalarini O‘zbekiston Respublikasining 2022–2025 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturida belgilangan tartibda kiritilishini ta'minlaydi.

Qaror loyihasida universitetning huquqlari, asosiy vazifalari va yo‘nalishlari belgilab qo‘yildi.

Talaba.uz rasmiy kanali
https://telegram.me/joinchat/AAAAAFKT9qZa_lmXyNXkWg