Get Mystery Box with random crypto!

Roʻmol oʻragan qizni koʻchada bir yigit bilan “otnosheniya” qi | Jahongir Qori Nematov tajvid darsi

Roʻmol oʻragan qizni koʻchada bir yigit bilan “otnosheniya” qilayotganini koʻrgan roʻmolsiz qiz, muhimi qalbda boʻlishi kerak deb, roʻmol oʻramaslikka qaror qildi. Bu vaziyatda ikkisi ham xato yoʻldan ketadi. Birida surat bor, siyrat yoʻq, birida siyrat bor, surat yoʻq. Islom faqat qalbda yoki faqat shaklda emas, u ikkisini ham jamlaganda tom maʼnoda islom boʻladi. Biz zehniyatimizga qarab ikki qutbga boʻlinib qolganmiz. Biri Islomni faqat namoz oʻqish, roʻza tutish, doʻppi kiyib masjidga chiqish, Qurʼoni Karimni maʼnosini tushunmasa ham yodlab olishni tom maʼnodagi din deb qabul qilamiz. Bu tarafimiz garchi ota-onasi haqlari, farzand haqlari, xotini huquqlari, qoʻshnichilik odoblariga, samimiylik va saxovatlilik sifatlariga amal qilmasa-da oʻzlarini shakliy amallari bilan Allohning arqonini ushlagan haq yoʻldagi insonlar deb his qilishadi. Shuning uchun ham oʻzlarini Jannatga tushadigandek, oʻzlaridek amal qilmayotganlarni doʻzohga tushadigandek munosabatda boʻlishadi. Odatda hakamlik pozitsiyasida turib muomala qilishadi. Yaʼni, bu toʻgʻri emas, bu notoʻgʻri kabi hukmlarni uqtirib turishadi. Ikkinchi taraf esa muhimi qalbda boʻlishi kerak, yaʼni inson asosiysi ezgu ishlarga koʻproq eʼtibor qaratishi lozim, toʻgʻrisoʻz, vijdonli, insofli, adolatli, shirinsoʻz, samimiy va muruvvatli boʻlishi kerak degan gʻoyada boʻlishadi. Namoz oʻqish, roʻza tutish, dinga muvofiq kiyinishni ikkinchi va uchinchi darajali ishlar deb qarashadi. Bu toifa oʻzlarini jamiyatdagi radikal boʻlmagan yaxshi insonlar deb his qilishadi. Narigi tarafni esa adashgan, buzgʻunchi va vayronkor deb ayblashadi. Birinchi taraf ham oʻz navbatida bularni namoz oʻqimasligi, roʻza tutmasligi, hijob kiymasligi va diniy amallarga beeʼtibor ekanligidan nafratlanishadi. Ikki tomon ham tom maʼnodagi islomiy manhajda turmay bir birlariga yovqarash holda yashashadi. Biz to islomimizni oʻzimizda takomilga yetkazmay turib boshqalardan mukammal amalni talab qilishimiz yoki oʻzimizda borini unda yoʻq boʻlsa, oʻzimizdan past va zalolatda deb qarashimiz konfliktlarni paydo qilaveradi. Holbuki, hali koʻpimiz islomimizni komil qilmaganmiz. Shunday ekan oʻzimizda bori bilan havolanmasdan, yoʻqlarini toʻldirish bilan koʻproq mashgʻul boʻlishimiz, boshqalarni tanqid va tergov qilishdan tiyilib oʻzimizni taftish qilishimiz ikki qutb oʻrtasidagi yovqarash va ishonchsizliklarga bartaraf qilishiga ishonaman. Bundan tashqari bir uchinchi toifa borki, ular mustaqillikdan soʻng shakllangan bir xil xarakteristikadagi yoshlardir. Ular eng yomoni. Ularda na surat bor, na siyrat. Ular namoz ham oʻqimaydi, roʻza ham tutmaydi, halollik, adolat ham, gʻurur, or-nomus ham, samimiylik umuman boʻlmagan toifa. Ular nafsini iloh qilgan manqurtlar. Ular uchun oʻz nafsidan boshqa qadriyat yoʻq. Ular uchun choʻntakka pulni bosib, qandini urib yashash hayotiy missiya. Birovni haqqi, birovni koʻngli, Allohning qonunlari ular uchun ahamiyatsiz narsa. Ular qanday yoʻl bilan boʻlsa ham pul topsa boʻldi, zino qilish, qimor, oʻyin-kulgi, koʻcha hayoti, urush-janjallar ularni hayotda qilishi kerak boʻlgan odatiy ishlari. Ularda birovni haqqi degan tushuncha yoʻq, ularda ustoz degan qadriyat yoʻq, ularda oila degan qadriyat yoʻq, ularda diniy tuygʻu degan tushuncha yoʻq, ularda vatan, millat degan qadriyat yoʻq. Ular manfaat bor joyda hamma qadriyatlarimizga tupuradi. Ular manqurt. Ular istalgan vaziyatda bizni sotadi, ular istalgan vaziyatda xotiniga taloq berib urib savalaydi, ular istalgan paytda oilasiga xiyonat qiladi, ular istalgan paytda doʻstlarini tashlab qochadi, ular istalgan vaziyatda qoʻshnisini haqqini yeydi, ular istalgan holatda oʻgʻrilik qiladi. Mabodo mamlakatda iqtisodiy defitsit yuzaga kelsa, odamlarni yeydigan ham shular boʻladi. Bular manqurtlardir.

@tajvid_ustozJahongirqori