Get Mystery Box with random crypto!

Nimalar tezroq o‘rganishingizga yordam beradi, nimalar esa yo‘ | Suxrob — oddiy odam

Nimalar tezroq o‘rganishingizga yordam beradi, nimalar esa yo‘q?

Abituriyentbek 3 yil to‘xtamasdan o‘qidi-yu, o‘qishga kirolmadi. U shuncha vaqtini ketkazib, o‘quv markazlariga issiqda terlab, sovuqda dirillab borib, uxlamasdan tayyorlanganidan keyin hech bo‘lmasa, kontraktga kirishiga ishongan edi. Lekin yo‘q. Balli juda past chiqdi .

Bechora Abituriyentbek aldangan edi, u ko‘pchilik to‘g‘ri deb aytadigan usullardan foydalangan edi. Lekin savol: ko‘pchilik katta ball yig‘adimi yoki kamchilikmi? Ko‘pchilik qiladigan ishni Abituriyentbek ham qilsa, uning natijasi ham ko‘pchiliknikidek bo‘ladi. Xo‘p, Abituriyentbekka nimalar yordam beradi, nimalar esa yordam bermaydi?

Spoyler: pastdagi gaplarga qo‘shilmasligingiz mumkin, lekin reallik siz dalillarga qo‘shilasizmi, yoki yo‘qmi, afsuski, qarab o‘tirmaydi.

Yordam bermaydi:
1. Kitob o‘qish.
2. Maktabga, leksiyaga borish.
3. Prinsipni tushunmasdan shunchaki yodlash.

1. Kitob faqatgina sizga ma'lumot beradi. Xotirangizga ma'lumotlarni kirgizib qo‘ymaydi, misollarni yecha oladigan qilib qo‘ymaydi, boy qilib qo‘ymaydi, shunchaki ma'lumot beradi. Oddiy misol: Teshavoy degan biznesmen bo‘lmoqchi odam bor deylik, u faqat biznes-kitoblarni yotib olib o‘qisa, yoki bitta kitobni qayta-qayta o‘qisa, biznesmen bo‘lib qolmaydi. U muvaffaqiyatli biznesmen bo‘lishi uchun o‘sha biznesini boshlashi kerak, ya'ni olgan ma'lumotlarini amaliyotda qo‘llashi kerak. Agar siz test yechmasdan, bu postdagi tavsiyalarga amal qilmaydigan bo‘lsangiz, 1000 soat kitob o‘qing, baribir test yechib tayyorlangan odamdan ballingiz past bo‘ladi.

2. Maktabga, leksiyaga borishda ham shunday. Ustoz sizga shunchaki ma'lumot beradi. O‘sha ma'lumotni tushunishni, yodlashni, amaliyotda qo‘llashni esa uyda o‘zingiz o‘tirib o‘rganasiz. Chet el maktabi, repetitori, universitetiga borsam, zo‘r bo‘lib ketaman, deb o‘ylashingiz mumkin, lekin ular ham shunchaki ma'lumot beradi. Maktab va repetitor kitobni ochib o‘qishga eringan odamga ma'lumot beradi, xolos. Siz o‘zingiz o‘tirib, test yechib, uni tahlil qilmasangiz, repetitorning foydasi yo‘q.

3. Tasavvur qiling, siz 1+1=2'ni tushunmasdan, prinsipini anglamasdan yodladingiz, agar sizdan 3+7=? deb so‘rashsa, javob berolmay qolasiz. Agar prinsipni tushunsangiz, ya'ni qo‘shilish qanday bo‘lishini bilib olsangiz, 487865867876886679+235745787674=?'ning ham javobini topa olasiz. Shuning uchun Abituriyentbekka o‘xshab tushunmasdan yodlamang.

———
Ertaga nimalar foyda berishi haqidagi post chiqadi. Ungacha esa shuncha o'qib ham nega o‘qishga kirolmadim, deb o‘ylanayotgan tanishingizga postni tashlab berishingiz mumkin.
@suxrob_oddiy_odam