Get Mystery Box with random crypto!

​​Iqtisodchi va sotsiologlar insonlarning oʻzaro munosabatini | Surish kerak

​​Iqtisodchi va sotsiologlar insonlarning oʻzaro munosabatini oʻrganganda “Oʻyinlar nazariyasi”ni keng qoʻllashadi. Oʻyinlar nazariyasi orqali bir subyektning tanlovi avvaldan bashorat qilinishi mumkin. Har bir tanlov ikkinchi bir subyektning javob reaksiyasiga bogʻliq boʻladi. Bu oʻyin siyosiy strategiya oʻyinidir.

Shunday oʻyinlardan biri Ultimatum oʻyinidir.
Unda bir ishtirokchiga, deylik, 100 dollar beriladi. Va unga bu pulni ikkinchi bir ishtirokchi bilan boʻlishasan deyiladi. Ikkinchi odamga pulning qanchasini berish birinchi ishtirokchining ixtiyorida, xohlasa 100 dolladan 10 dollar, xohlasa yarmini berishi, xohlasa umuman bermasligi mumkin. Ammo oʻyinning bir sharti bor. Ikkinchi ishtirokchi birinchisi bergan summaga rozi boʻlib, qabul qilishi kerak. Agar qabul qilmasa, har ikki ishtirokchi puldan mosuvo boʻladi. Birinchi ishtirokchi imkon qadar kamroq berishni, ikkinchisi esa koʻproq olishni koʻzlaydi. Ammo buning ham chegarasi bor. Birinchisi kam bersa, ikkinchi olmay qolishi, ikkinchisi ortiqcha talab qilvorsa, birinchisi bermay qoʻyishi mumkin.

Xullas, birinchi ishtirokchining tanlovi ikkinchining reaksiyasiga bogʻliq. Ishtirokchilarning moliyaviy ahvoli, adolat tuygʻusi va bir-birini qanchalik bilishi koʻp narsani hal qiladi.

Bu holatda bir narsa aniqki tor doiradagi, cheklangan tomonlar qatnashgan munosabatlarda har ikki tomon bir-biriga taʼsir oʻtkaza oladi. Adolatsizlik uchun bir-birini jazolaydi.

Ammo, Ishtirokchilar soni koʻpayib borgani sari adolat tuygʻusining taʼsiri kamayib, boriga rozi boʻlish kayfiyati paydo boʻladi. Tasavvur qiling, birinchi beruvchi tomon hukumat, ikkinchi oluvchi tomon esa fuqarolar. Bu yerda ikkinchi tomonning birinchi tomonga taʼsiri sustlashadi. Davlat xazinasi qanday taqsimlanishi, kimga qancha huquq yoki imtiyoz berilishi, kim qancha muddat hokimiyatda qolishi masalasida millionlab odamlarda haligi ikki kishining ishtirokidaqa munosabat paydo boʻlmaydi.

Davlat va fuqarolar oʻrtasidagi munosabat mohiyatan Ultimatum oʻyinidagining ayni oʻzi. Farqi ularning sonida. “Koʻpga kelgan toʻy” koʻpincha adolat tuygʻusini boʻshashtiradi.

Yana bir jihati, ikkinchi tomon haqida koʻproq maʼlumoti boʻlgan tomon doim yutib chiqadi. Davlat fuqarolarni, ularning kayfiyatini yaxshi biladi. Fuqarolar esa davlatni bilmaydi. Biladigan tomon bilmaydigan tomonning reaksiyasini avvaldan koʻradi va qaror qabul qilishda ustunlikka ega boʻladi.

Fuqarolar bu oʻyinda kuchli boʻlishlari uchun ikkinchi tomonni yaxshi bilishlari kerak. Bu borada ularga yaxshi taʼlim va sergak OAV yordam beradi.

Xullas, muddao shuki, birinchi tomon yaxshi taʼlim va sergak OAV ikkinchi tomonga xizmat qilishini yaxshi biladi va, tabiiyki, ustunligini boy berishiga sabab boʻladigan bu vositalar kuchayib ketishini istamaydi. Ayni shu holat O'zbekiston hukumatida kuzatilyabdi, Karimov davrida boshlangan ma'naviyatga burkangan absurd ta'lim tizimi, OAV noerkinligi hozirgi hukumat davrida ham davom etmoqda.

Behbudiy aytgan “Haq olinur, berilmas” degan gap esa asrlar osha oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydi. Kuch bilim va xabardorlikda. Fuqarolari bilimli hukumat oʻylab ish qilishga majbur. Johillarni, bilimsizlarni esa boshqarish hardoim oson bo'lib kelgan.

@surish_kerak1