Get Mystery Box with random crypto!

Otajonim... Goho sizni ranjitganman bilib -bilmay Arazladim, | TWILIGHT (sumerki)

Otajonim...

Goho sizni ranjitganman bilib -bilmay
Arazladim, gina qildim boshim egmay
Qalbingizga ozor berdim bir tikanday
Otajonim qadringizni bildim endi...

Siz ekansiz suyanch togʻim sinovlardan
Siz ekansiz qalbga malham azoblardan
Siz ekansiz menga qalqon balolardan
Otajonim qadringizni bildim endi...

Bola paytim erkalatib koʻp suydingiz
Har ishimda omad tilab qoʻlladingiz
Balolardan asrar meni duoyingiz
Otajonim qadringizni bildim endi...

Kuyindingiz betob boʻlsam chin yurakdan
Dardingizni ichga yutib sezdirmasdan
Bolam deya duo tushmas qoʻlingizdan
Otajonim qadringizni bildim endi...

Ulgʻaytirib oʻqitdingiz besh qizingiz
Toʻylar qilib kelin qilib uzatdingiz
Koʻz yosh bilan oʻzga uyga kuzatdingiz
Otajonim qadringizni bildim endi...

Jannatlarning darvozasi ochiq sizga
Umringizni baxsh etdingiz barchamizga
Sizday ota nasib etsin har bir qizga
Ming bor shukur Otajonim boringizga....



Ushbu she'rni mehribonim, suyanchim Otajonimga bagʻishladim. Alloh barchamizning ota onamizni panohida asrasin