Get Mystery Box with random crypto!

O'rta ta'lim tizimida o'qituvchi sifatidagi sarguzashtimni o'z | Shuhratbek Solihov blogi

O'rta ta'lim tizimida o'qituvchi sifatidagi sarguzashtimni o'zim ta'lim olgan 134-maktabdan boshlaganimga mana 5 kun bo'ldi... Hozirgacha kuzatib, tahlil qilgan jarayonlarimdan jiddiy muammolar deb hisoblaganlarim:

1) Maktabdagi o'qituvchilarga o'qitish degan vazifadan ko'ra, hat-hujjatlar bilan ishlash degan, o'quvchilarni kiyinishi va darsga qatnashishini ta'minlab berish kabi "vazifa va majburiyatlar" no o'rin yuklatilgan! Bundan tashqari kundalik.com ham bor, lekin bu haqida alohida bir to'xtalish kerak.

Yechim: qo'shimcha ishchi kuchini jalb qilish yoki ustozlardan yuqoridagi kabi "byurokratik kishanlar" ni olib tashlash, o'zini ustida ishlashga vaqt berish va dars o'tishni asosiy vazifa qilib belgilash.

2) Sinfdagi o'quvchilar oqimi katta. Bir so'z bilan aytganda, o'quvchilarning sinfxonalardagi soni o'qituvchi uchun ko'p, tabiiyki, muallimning vaqti qaysidir bir o'quvchilarga yetmaydi, bu esa o'sha o'quvchilarning fanga bo'lgan qiziqishini o'ldirib, zerikish hissini haddan darajada oshishiga sabab bo'ladi. Bunday o'quvchilar kelasi darslarni tushunmasligi va qolganlarga halaqit berish bilan shug'ullanishi mumkin. Dars sifatiga bu albatta ta'sir etmay qolmaydi!

3) Dars davomiyligi juda qisqa! O'quvchilarning yoshi yildan yilga oshadi, sinflari ham sanoq tizimi bo'yicha o'sadi. Har yangi sinfda yangi darsliklar va fanlar qo'shilib, ko'payib boradi. Lekin dars soati 40-45 minutligicha 11 yil (kamida 9 yil) davomida qandoq bo'lsa shundoqligicha o'zgarishsiz qolaveradi! Qani mantiq? To'g'ri, kichik sinflar uchun 30-40 minutlik dars yetarli yoki ba'zi hollarda ko'plik qilishi ham mumkin, ammo nega 7-8-9-10-11-sinflardagi dars davomiyligi ham shu kichik sinflardagidek? 40 ta o'quvchi bilan ishlashga Muallimga 40 daqiqa berish qanchalik adolatli?

Yechim: sinfdagi o'quvchilar soni qisqarishi, maktab binolarini esa ko'payishi, dars davomiyligi esa yoshga qarab to'g'ri taqsimlanishi kerak.

Bu maktabda hali yana bir necha oy bo'laman va, ishonamanki, maktablar tizimidagi nosozliklarni ilg'ashga va ularga yechim bo'la oladigan takliflar berishga yetarli vaqtim bo'ladi.

@solihovs_blog