Get Mystery Box with random crypto!

FATONAT 'Fatonat aql egasi bo’luv demakdir. Aql insonlarning | Shuhratbek Solihov blogi

FATONAT

"Fatonat aql egasi bo’luv demakdir. Aql insonlarning piri komili, murshidi yagonasidur. Ruh ishlovchi, aql boshlovchidur. Inson aqli ila din va e’tiqodini mahkam qilur, shariat hukmlariga bo’yunsunar. Aqlsiz jinni kishilar bularga bo’yun qo’ymas, shariatdan tashqari ishlarni ham qilur. Janobi Haq insonni hayvonlardan so’z va aql ila ayirmishdur. Hayvonlar o’zlariga bo’laklar tarafidan keladurgan zulm va jabrlarni shox, tish, tumshuq, tirnoqlari ila qaytarurlar. Lekin inson janobi Haq tarafidan berilmish aql va idroki soyasida o’ziga keladurgan zarar va zulmlardan saqlanur. Yer yuzidagi hayvonlarni asir qilub, bo’ynidan boylab, iplarining uchini qo’llariga bergan insonlarning aqlidur.

Ilm insonlarning madori hayoti, rahbari najotidur. Ilm o’rganmak, olim bo’lmak uchun maktabga kirmak, muallimdan ta’lim olmak lozim. Aqlsiz kishilar na maktabga kirar va na muallimni bilar. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Ey insonlar! Aqlingizga tavoze’ qilingiz. Siz janobi Haq buyurgan va qaytargan narsalarni aqlingiz ila bilursiz», – demishlar. Hukamolardan biri: «Agar aqlingni qo’li nafsingni jilovini ushlasa, sani yomon yo’llarga kirmoqdan saqlar. Har narsa ko’p bo’lsa, bahosi arzon bo’lur, aql esa ilm va tajriba soyasida qancha ko’paysa, shuncha qimmatbaho bo’lur», – demish."

Aqldek zebo sifatni ko’rdi Haq, insonga eb,
Oqil insonlar bilan berdi jahon-olamga zeb.
Aql nuri birla to’ldi dunyoga ilm-u hunar,
Aqlsiz inson qachon bilg’usidur naf’-u zarar?
Aqlsizlar bilmagaylar din nadur, dunyo nadur?
Bo’lmasa aqli bilurmi farz ila sunnat nadur?

Abdulla Avloniy "Turkiy Guliston yoxud axloq" asari

Foydali bo'lgan bo'lsa, ulashishga arziydi degan insonlaringizga yetkazing
@solihovs_blog