Get Mystery Box with random crypto!

Ota-onalarimiz uchun Har birimizning bolaligimiz, shaxsiy hay | Siz uchun

Ota-onalarimiz uchun

Har birimizning bolaligimiz, shaxsiy hayotimiz, oilamiz, farzandlarimiz va aziz ota-onamiz bilan bogʻliq betakror xotiralarimiz bor. Ular yillar oʻtgani sari oʻziga xos tarixga aylanib boradi, yodimizdan koʻtarilmaydi.

Har gal biz ularni eslar ekanmiz, shoʻx-shodon bolaligimiz, oʻynagan oʻyinlarimiz, begʻubor shumliklarimiz yodimizga tushadi. Yillar ularni bizdan uzoqlashtirgani sari, xotiralar yanada tiniqlashib boradi. Biz bu tiniqlikda eng avvalo oʻzimizni, ota-onamizni koʻramiz, ularning bizga soʻzlab bergan xotiralarini yodga olamiz, bolalarimizga xam soʻzlab beramiz.

Bu xotiralar hamisha ham quvonarli boʻlmasligi mumkin, baʼzilari oʻtgan davr mobaynida ahamiyatini yoʻqotgan boʻladi ham. Ammo, nima boʻlganda ham, xotiralardan uzoqlashmasligimiz kerak. Chunki ularda bizning bolaligimiz, ota-onalarimizning bizga boʻlgan mehri, muhabbati oʻz aksini topadi.

Bugun muhtaram ota-onalarimiz bizlarning mehrimizga, bir ogʻiz shirin soʻzimizga, koʻngillarini koʻtarishimizga, maʼnaviy madadimizga juda-juda muhtojdirlar. Vaqt kelib oʻzi ham ota-ona boʻlgan farzandlar buni yurakdan his qiladi.

Ota-onalar farzandlari hamisha yonlarida boʻlishini, oʻgʻil-qizlari hayotida, jamiyatda sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar toʻgʻrisida suhbatlashishni, yutuqlaringizni eshitib quvonishni xohlaydilar. Bu bilan ular keksaygan chogʻlarida ham jamiyat ishiga dahldor ekanliklarini his etadilar.

Shunday ekan, qanchalar band boʻlishingizga qaramay, uzoq yoki yaqinda boʻlsangiz ham, ota-onangizga qoʻngʻiroq qiling. Shirin soʻzingiz, mehribonligingiz bilan ularning umrlarini uzaytiring. “Sizlar bilan faxrlanaman” deb ayting. Ularga tinchlik, xotirjamlik va muhabbat sovgʻa qiling.

Ota-ona bilan xotirjam gaplashing, bagʻringizga bosing, yoshligingizda oʻynagan oʻyinlarni oʻynang, qilgan shoʻxliklaringizni soʻzlab bering. Bolalik, yoshlikdan xotira boʻlib qolgan suratlarni birgalikda tomosha qiling.

Har birimizning oʻz xotiralarimiz bor. Ular oiladan, ota-onangizning xotiralaridan boshlanadi va, albatta, tarixga aylanadi.

24-04-2020, Oʻzbekistondagi BMT vakilligi