Get Mystery Box with random crypto!

Hozirgi yosh avlodda munosabatlarni qurish borasida diniy axlo | Achieve Yourself!

Hozirgi yosh avlodda munosabatlarni qurish borasida diniy axloqqa tayanish holatini koʻp uchratyapman. Ota-onasi bilan, yaqinlari bilan, sevgan insoni bilan va hk. munosabatlarda nima qilish, oʻzini qanday tutish borasida dindan tayanch qidirish bor.

Nega bunday boʻlayotganiga oid tahminlarimdan biri, yaqinlar bilan munosabatlarning ogʻirligi, travma va xavotirlarga toʻlaligi, haqiqiy yaqinlikning yoʻqligidir. Xavotirlardan xalos boʻlish uchun psixika aniq va tushunarli yoʻl-yoʻriqlarni qidiradi. Aniq tartib, sxema ichida harakatlanish —ikkilanish, xavotirlardan asrashi, shuningdek toʻgʻri yashayotganiga oid ruhiy yengillik berishi mumkin.

Masalan, ota-onaga munosabatni olaylik. Ularga qanday munosabatda boʻlish borasida diniy axloqqa suyanuvchi farzandlar koʻp. Ota-onasiga xizmatda boʻlish, ular uchun jonidan voz kechishga tayyorlikni umrining mazmuniga aylantirganlar bor.

Lekin hamma ota-onalar bilan munosabatlarda ham diniy axloq funksional boʻlolmaydi. Chunki emotsional yetuk boʻlmagan, infantil (bola psixikasidagi) ota-onalar bor — ular farzandining jismoniy hamda psixologik quvvatini simirishdan, yemirishdan boshqa narsani bilmaydi.
Infantil ota-onalar qanday boʻladi:
Oʻzining baxti uchun boshqalarni, ayniqsa farzandini javobgar deb biladi, aslo oʻzini emas
Farzandining ehtiyojlari, istaklari, qiziqishlari ortiqchalik qiladi, bola tugʻishdan oldin buni hisobga olmaydi
Farzandining baxtidan koʻra, tashqaridan oilaning qanchalik “baxtli, tinch va risoladagiday” koʻrinishi muhimroq
Bolasi uni yapatishi, koʻnglini koʻtarishi, muammolarini tinglashi va yechishda yordam berishi kerak, ota-ona esa bolaga bu narsalarni bermaydi. Ya’ni farzand ota-onasiga ota-onalik qiladi
Bola uni tugʻishgani uchun ota-onasi oldida “qarz soʻramagan qarzdor”. “Meni tugʻing” deb iltimos qilganday
Ota-ona oʻz vaqtida bolaning jismoniy, moliyaviy ehtiyojlarini ta’minlaganida xuddi qariganida shunday javob olish umidida boʻladi, qarilik davri yaxshi kechishi uchun oʻzi tayyorgarlik koʻrmaydi (masalan, sport bilan shugʻullanmaydi, moliyaviy savodxon boʻlishga intilmaydi)

va shu kabilar.

Infantil ota-onalarning ichida nartsisslari juda koʻp. Ular diniy axloqdan nartssistik ehtiyojlarini qondirishda foydalanadi va bolalarini aybdorlik, qoʻrquv, qargʻish singari manipulyatsiyalar bilan boshqaradi.

Turmush oʻrtoq bilan munosabatlarni olaylik. Masalan, erkak kishiga boʻysunish kerakligi gʻoyasi bor. Oʻzini oʻzi boshqarolmaydigan, psixologik holati uchun boshqalarni javobgar deb hisoblaydigan infantil erga boʻysunish — oilani psixik muammolar botqogʻiga aylantiradi.

Diniy axloqni yoki umuminsoniy axloqni oʻz foydasi uchun ishlatadigan infantil, nartsiss odamlarni qanday farqlash mumkin? Ular oʻzining “ota-ona”, “erkak”, “yoshi katta”, “qarindosh”, “doʻst” boʻlgani uchungina oʻzini deyarli hamma narsaga haqli deb bisoblaydi: shaxsiy chegaralarni buzishga, sherigining hayotini boshqarishga, ehtiyojlarini boshqalar qondirishiga va hk. Bunda manipulyatsiya va majburlovlardan aktiv foydalanishadi. Sherigining hislari, psixologik farovonligi, ehtiyojlari, istaklari, orzu-umidlari esa ahamiyatsiz.