Get Mystery Box with random crypto!

Ona Meni o'g'il qilib tug'sang bo'larkan, Uy tomin boshqatdan | Shunchaki...

Ona

Meni o'g'il qilib tug'sang bo'larkan,
Uy tomin boshqatdan yopib berardim.
Ishlab, davlat topib, hech kim kiymagan,
Asl matolardan topib berardim.

Qiz bola birovning xasmi...
Palaxmon,
Uzoq-uzoqlarga otilib ketdim.
Va'da etilgani o'sha bir xirmon,
Sariq chaqalarga sotilib ketdim.

Qara, qolib ketdi qarzlar uzilmay,
Sen yo'q ostonani yalab-yulqadim.
Seni sog'insam ham quchib so'zlolmay,
Kimni "Onajon" deb tinmay alqadim.

Ona!
Meni o'g'il qilib tug'sang bo'larkan,
Umrim o'tmasmidi yetti bukulib.
Menga deb barmog'ing teshilib tikkan,
Yostuq jildlariga ketdim to'kilib.

Qizing qismatidan kuyib ketmasding,
Ezilib ketmasding mendan ming chandon.
Yetmishga bukilib ketmasdi qadding,
Negayam qiz qilib tug'ding, onajon!

Kechir, kechirolsang, mendan rozi bo'l,
So'litgan men bo'ldim gulday yuzingni...
Oh, Ona, shundayam duo qilasan,
Faqat qizlarini o'ylar qizingni...


Malika Salimova