Get Mystery Box with random crypto!

SIZNI ALLOH UCHUN YAXSHI KOʻRAMAN... QIYOMATLIK DOʻSTIMSIZ, Q | Suvtushar radiosidan gapiramiz

SIZNI ALLOH UCHUN YAXSHI KOʻRAMAN...

QIYOMATLIK DOʻSTIMSIZ, QADRDONIMSIZ...

QIYOMATDA KOʻRISHGUNCHA...

HAQQIMNI QIYOMATDA OLAMAN
...

Bu kabi tavalloyu tabarrolarga ehtiyot boʻlish kerak, menimcha.

Birovga mulozamat qilishda ham, kimnidir qargʻashda ham bu kalimalar tilimizga oson kelyapti.

Ushbu soʻzlarning yukidan tarozilar parchalanib ketishini his etmaymiz, shekilli.

Menga bir qancha odamlar Sizni Alloh uchun yaxshi koʻraman deyishgan. Tavba, deyman ichimda. Agar shu odamlar ikki hafta men bilan yashasa, koʻrgani koʻzi, otgani oʻqi qolmaydi.

Xulosalar tez va joʻn chiqarilmoqda.

Qiyomatlik doʻstman, deganlarning orasida qiyomat janjallar boʻlganini eshitdik...

Axir, bu kabi doʻstlikning shartlari bir kitobga roʻyxat boʻladi. Pulini soʻramay olishga xaqli emasmi, masalan...

Oʻzini oʻqigandek tutish, eshituvchiga yoqish, zamonaviyligini koʻrsatish, oʻrni kelsa, laganbardorlik maqsadida «Alloh uchun yaxshi koʻrish»larga duch kelyapmiz.

Alloh uchun yaxshi koʻrilgan odamga faqat Alloh yaxshi koʻrgan narsalar taqdim etiladi. Uning nafsoniy rayiga emas, iymon taqozosiga qarab doʻst tutiladi.

Shuningdek, tenglik degan narsa ham bor. Moddiysini aytmayapman. Eng kamida maslagi bir xil boʻlsin.

Xudoga solish ham haddan tashqari oson boʻlib qoldi.

Biz vaziyatni, holatni, oʻzimizning xatolarimizni soqlom aql mezoniga solmay, yomon koʻrganimizni Xudoga solib qoʻyyapmiz.

Agar biz haqiqatan mazlum boʻlsak, Robbimiz zolimni nima qilishini Oʻzi biladi. Bu dunyosida ham, u dunyosida ham.

Ba’zan biri kishi asli nohaq boʻlib oʻzidan mazlum yasaydi va «zolim»ni «doʻzaxga otadi». Uni qiyomat kuni sharmisor etishni hayotiy shiorga aylantiradi.

Ayniqsa bizning jamiyatimizda oxirgi paytlarda qarz oldi-berdisi boʻyicha «Qiyomatga qoldirish»lar rosa avj oldi.

Men muhtaram domlalarimizning etagiga yopishgan gʻubor boʻlganim uchun bu kabi voqealar rosa qulogʻimga chalinadi.

Qarz berayotganda Allohning eng uzun oyatini eslamagan, shunga amal qilmagan kimsa keyin hasratini achchiq ichakdek uzaytirsa, rahmim keladi. Haqqini hisobi uzun va ogʻir kunga qoldirsa, yana bir gʻashlanaman...

Bir soʻz bilan aytganda, Alloh uchun yaxshi koʻrish ham, Alloh uchun yomon koʻrish ham oddiy narsa emas.


Oʻtkirbek Muhammadsobir

@qalbda_gilar