Get Mystery Box with random crypto!

Men oddiy odamman! Oyog‘im yerda, Changu-g‘uborlarni yutib to‘ | Sevgi She'rlari

Men oddiy odamman!
Oyog‘im yerda,
Changu-g‘uborlarni yutib to‘yganman.
Qadamlar ostida qolmasin deya,
Ko‘nglimni osmonga eltib qo‘yganman!

Men oddiy odamman!
Istagan kishi,
Qadrimni  tepkilab o‘tmoqqa qodir.
Yuragim tosh kabi uloqtirsalar,
Hech qanday ko‘rgilik bo‘lmaydi sodir!

Men oddiy odamman!
Tuproqdan chiqqan,
Va yana tuproqqa qaytmog‘im tayin.
Va sizni mahliyo qilgan bu dunyo,
Ishoning, ishonmang, menga bir tiyin!

Men oddiy odamman!
Sizdan farqim shu,
Hammadan, hamisha mehr kutganman.
Ammo kelavergan zulmlaridan,
Ming bitta yerimdan sinib ketganman.

Men oddiy odamman, oddiy yo‘lovchi,
Karvonin ortida itlar galasi.
Faqatki ichimda, qayerimdadir,
Doim eshitilar sherning na’rasi.

Siz ham o‘tayapsiz gusr-gusrlab,
Ko‘nglimning ustidan bosib qadamni.
Qaydan ham ko‘zingiz ilg‘asin, ayting,
Yoningizda yurgan oddiy odamni.

Malika Tavfiq

T.me/+VnWzfGOmBegK77Yj
T.me/+VnWzfGOmBegK77Yj