Get Mystery Box with random crypto!

Yaxshi ko‘raman. Yaxshi yomon kunda qalqonim, Qaddim baland | Sevgi She'rlari

Yaxshi ko‘raman.

Yaxshi yomon kunda qalqonim,
Qaddim baland osmon yuraman.
Siz bor baxtga to‘lar har yonim,
Men dadamni yaxshi ko‘raman.

Xushzabonim shirin so‘zligim.
Mehribonim anor yuzligim.
Eritadi hatto muzligim.
Men onamni yaxshi ko‘raman.

Katta yo‘lda sarbon, hamrohim.
Kechirguvchi xato, gunohim.
Mehribonim davlat panohim.
Men dadamni yaxshi ko‘raman.

Har qadami jannat poyligim.
Farishtamsiz, kukda oyligim.
Dunyodagi tengsiz boyligim.
Men onamni yaxshi ko‘raman.

Bildirmas lek mehnatdan tolgan.
O‘g‘limga deb katta uy solgan.
Tashvishlarim yelkaga olgan.
Men dadamni yaxshi ko‘raman.

Meni o‘ylab g‘amimni yegan.
Ikki dunyo bir meni degan.
Baxting ko‘ray men seni degan,
Men onamni yaxshi ko‘raman.

Suyanchig‘im, savlatim mening.
Tirikligi davlatim mening.
Qiblagohim, jannatim mening
Men dadamni yaxshi ko‘raman.

Chin sevgisi so‘zlarida jam.
Sira ko‘rmay ko‘zlarida nam.
Bu dunyoga omonatginam,
Men onamni yaxshi ko‘raman.

Egilmagay mag‘rur bu boshim.
Eng yaxshi do‘st, yaqin sirdoshim.
Biri oyim, biri quyoshim.
Dadajonim yaxshi ko‘raman.
Onajonim yaxshi ko‘raman.

Sobitjon Eshtemirov. 24.10.2022.

T.me/+VnWzfGOmBegK77Yj
T.me/+VnWzfGOmBegK77Yj