Get Mystery Box with random crypto!

ARAZLAB KELMAGIN, JON QIZIM! Kel qizim, tinchlikmi, nima ga | Sevgi She'rlari

ARAZLAB KELMAGIN, JON QIZIM!

Kel qizim, tinchlikmi, nima gap?
Oʻtgan hafta kelganding yoʻqlab.
Voy oʻlay, keldingmi arazlab?
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Gap aytma, oqlama oʻzingni.
Farishta deb bilma oʻzingni.
Maʼqullama aytgan soʻzingni.
Arazlab kelmagin jon qizim.

Hech qachon sen taraf boʻlmayman.
Qudalarimga ayb qoʻymayman.
Eringni aybdor qilmayman.
Arazlab kelmagin jon qizim.

Dodajoning duoda doim.
Oyijoning gʻamxoʻr, muloyim.
Oʻsha yerda tingin iloyim.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Qani boʻl, koʻtar toʻrvangni!
Uyingda ich karam shoʻrvangni!
Yuragim koʻtarmas gʻalvangni.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Sezyapman, xayoling yoringda.
Oʻgʻling, qizing ikki yoningda.
Pushaymonsan qilgan koringga.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Egmagin dadangning boshini.
Sinama akang bardoshini.
Koʻtargin falakning toshini.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Ering hech kelmaydi yalinib.
Oʻzim olib boraman bosh egib.
Seni deb, baxtning deb, taxting deb.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Kuyovim- yigitlar sarasi.
Sovumasin er- xotin orasi.
Farzandlaring kutar dadasi.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Kuyovim- bir ochiq, bir quvnoq.
Yoʻrigʻiga yurginda sen ahmoq.
Nima boʻpti ursa bir shapaloq?
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Turmushning mushti bor, chidagin..
"Lik" etib arazlab kelmagin.
Bu "aqlli" chora, deb bilmagin!.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Aybing top, uzr soʻra, eg boshing!
Qovoq uyib, chimirma qoshing!
Zahar boʻlmasin totli oshing.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Tilingni tiy, bilib qil ishing.
Qorovul qil tilingga tishing.
Kelinsan- malayga teng kishi.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Chiqqan qizsan, chigʻriqdan nari.
Birovning xasmisan va yori.
Oilang nomusi va ori.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Loyqa suvlar tinar, koʻrasan.
Oʻsha uyda davron surasan.
Yuk koʻtar, yuzaga chiqasan.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Oʻrgatdim bardoshni, sabrni.
Mehrla yengishni qahrni.
Borga shukr, yoʻqqa sabrni.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Boshpanang teshikmas, bor toming.
Dasturxoningda bor choy, noning.
Shukr qil, yamoqsiz libosing.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Toʻgʻri, kelsang xursand boʻlaman.
Onaman, bagʻrimga olaman.
Arazlasang quvib solaman.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

"Onam haydab soldi"- demagin.
Uyiga sigʻdirmadi,- demagin.
Kelsang ham arazlab kelmagin!
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Gʻiybatchi qoʻshnilar bilmasdan.
Bilib- bilmay gap, soʻz qilmasdan.
Otangning obroʻyin toʻkmasdan.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Amma, xolang kelsa ne qilay?
Kelinlar oldida noqulay.
Bolama, aylanay, oʻrgilay.
Arazlab kelmagin, jon qizim!

Saqlagin obruying, hurmating.
Oʻzing kelib, oʻzing ketib yurmagin.
Gaplarim unuta koʻrmagin.
Arazlab kelmagin, jon qizim.
Masturaxon sevgan oy qizim!
Aqlga, chiroyga boy qizim!

Mastura hoji ona

•┈┈┈┈•❈••✾••❈•┈┈┈┈•
𝐊𝐚𝐧𝐚𝐥𝐢𝐠𝐚 𝐨𝐛𝐮𝐧𝐚 𝐛𝐨'𝐥𝐢𝐧𝐠

http://T.me/Sherlari_Sevgi