Get Mystery Box with random crypto!

OTA Menga bunday qaramas eding, Solmas eding yuragimga cho'g' | SHERLAR

OTA

Menga bunday qaramas eding,
Solmas eding yuragimga cho'g'.
Ol jonimni sug'urib mening,
Vayron bo'ldi bardoshlarim tog'.

Aslim bulut yomg'irdir ko'zim,
Senga malham bo'ldim, bo'lmadim.
Erimaydi dildagi muzim,
Ota sendek ota ko'rmadim.

O'g'ling bo'lib o'q bo'ldim faqat,
Kerak paytda yo'q bo'ldim faqat.
Qalqon bo'lib kelding shuncha yil,
Men bir bora demadim rahmat.

Ota quvonch ketgan bag'ringdan,
Baxt shamoli esishi kerak.
Muzlab qolgan qo'llaring men deb,
Bir kun kelib isishi kerak.

Yolg'on dunyo aldadi seni,
Qolganim bor sabringa qoil.
Yiqilmagan sinmagan otam,
Sening o'g'ling emas, sen shoir.

Tirikchilik yo'qchilik yomon,
Hammasidan to'qchilik yomon.
Kelgan barcha sinovlaridan,
Asrab kelgan o'zingsan omon.

Hasday yashab maysa o'stirding,
Yig'laganing bildirmay kulding.
Bir joningni ming kuyga solib,
Odam qilmas ishlarni qilding.

Yutgan barcha g'amlaring haqqi,
To'lmay qolgan kamlaring haqqi.
Senga quyosh bo'laman hali,
O'chib qolgan shamlaring haqqi.

Kechir ko'ngling og'ritdim bazan,
Chekkanlaring bilsamda zahmat.
Ota sizga hammasi uchun,
RAHMAT!.

Sodiq_Yo'ldoshev 2023
https://t.me/sodiq_sherlar