Get Mystery Box with random crypto!

O, inson yuragi! O, inson yuragi, inson yuragi! Bir chimdim m | SHERLAR

O, inson yuragi!

O, inson yuragi, inson yuragi!
Bir chimdim mehrga shunchalar o'chmi?
Ey mening azizim, gulgun chechagim,
Yana uchrashamiz ertami-kechmi?!

Oqshom. Sovuq tushdi, kunduzlar tindi.
Tuproq hovuchida ildizlar sindi.
Falak gardishiga yulduzlar mindi,
Yana uchrashamiz ertami-kechmi?

Bu sarg'ish bog'larda kuz ham o'tkinchi,
Yaproqlarda qolgan iz ham o'tkinchi.
Ular ham o'tkinchi, biz ham o'tkinchi,
Yana uchrashamiz ertami-kechmi...

Ko'hna ayriliqning sarhadlari keng,
Ikkimiz ularga bo'lolmaymiz teng.
Qara, taqdirimiz shimarmoqda yeng -
Yana uchrashamiz ertami-kechmi!

Yoding-la yashagum, tirikman toki
Bizlar ayrilmadik bilgin, shunchaki!
Balki Qiyomatda... jannatda balki...
Yana uchrashamiz ertami-kechmi!!!

Solih Sulton / 17.01.2022



https://t.me/joinchat/AAAAADwROIl2Eg9zT1-n5Q

anba: @sherlar

#like_boss