Get Mystery Box with random crypto!

#mulohaza_uchun UMRGA MUNOSIB BO‘LISHGA INTILAMIZ! Hammaga | Kerak

#mulohaza_uchun

UMRGA MUNOSIB BO‘LISHGA INTILAMIZ!

Hammaga yashash uchun har kuni 24 soat beriladi. Hayot mana shu – bizga berilgan lahzalar sarhisobi. To‘g‘ri, u qisqa. Ammo qadriga yetib, o‘tkinchi hayotning mohiyatini tushunib oqilona yashalsa, bu – bir marta huzurlanib yashash uchun yetarli fursat. Garchi hayot yillar bilan o‘lchansa ham, biz umr deganda baxtli daqiqalar, go‘zal xotiralarni eslaymiz.

Aytishadi-ku, bir kunlik umrda ham bir asrlik hayot kechirsa bo‘ladi. Buning uchun umrga munosib bo‘lish kerak. Nazarimda, buning uchun quyidagi amallarga odatlanmoqlik maqsadga muvofiq.

24 soatni faqat o‘zingizga sarflamang. “Bir kunda bir soat do‘st uchun yasha...” ohangi qulog‘imizga chalingach, uning naqadar to‘g‘ri chorlov ekanini tan olamiz. Boshqalar uchun qayg‘urish, boshqalarga dalda bo‘lish va boshqalar bilan fikrlashishni kanda qilmang. Hayotingizda ma’no yo‘qligini sezgan kuningiz atrofingizga boqing va odamlarga yordam qo‘lini cho‘zing. Bu yaxshiligingiz yashashingiz uchun sabab bo‘ladi.

Hayot siz uchun nimani anglatishini aniqlang. O‘zingizni hayotdagi so‘nggi yillaringizni yashayotgandek tasavvur qiling. Bu – hayot! Va siz o‘sha mahalda o‘tgan umringizni qanday tasavvur qilib, nima deb izohlagan bo‘lar edingiz? Hayot – go‘zallik, muhabbat, jo‘shqinlik, yaratuvchanlik va qiziquvchanlik mujassam bo‘lgan muqaddas ibodatxonadir. Ibodat esa ezgu amal va ezgu fikrni anglatadi.

Kelajakda yashashni bas qiling. “Bir kuni”, “vaqtim yoki imkonim bo‘lganida” degan rejalar ko‘payib ketsa, bir zumga to‘xtang va o‘zingizdan “nimaga hozir yoki bugun emas?” deb so‘rang. Hayot afsuslar bilan uyg‘onish uchun qisqalik qilishini his eting. Har kuni sizga tirikligingizni eslatadigan biror ish qiling.

Ko‘proq baxtiyor va samimiy odamlar davrasida bo‘ling. Ular hayotni boshqalarga qaraganda yaxshiroq his qilganlari uchun ham uni yorqinroq ko‘radilar. Siz ham ulardan ijobiylikni o‘rganing. Unutmang: yo‘qotilgan vaqt – biz yashay olmagan daqiqalardir.

Dardga matonatli bo‘ling. Og‘riq va qayg‘ular umrimizning kunlarini o‘g‘irlaydi. Hayot sizga limon otganida, siz undan limonad sharbatini tayyorlang. Aytishadi-ku, sinovlarga seni kuchsiz qilishlariga yo‘l qo‘yma. Aks holda hammasini yana boshidan boshlashga to‘g‘ri keladi.

Shuuringizga diqqat qiling. Shunda undagi istaklar so‘zga aylanadi. So‘zlaringizga diqqat qiling – ular harakatga aylanishadi. Harakatga ergashing – u odatga aylanadi. Odatlarga diqqat qiling, shunda fazilat shakllanadi. Fazilat esa sizning taqdiringizdir.

Odamlarni kechiring va ularni seving. Inson – tirik mavjudotlar orasida kuchli quvvat manbaiga ega jonzot. Bu quvvatni u ma’naviy ildizlardan oladi. Buning uchun esa shoshib chiqarilgan xato xulosalarni rad qilish. Kimnidir yomon ko‘rish, kimdandir nafratlanish – bular bizni oxir-oqibat dushmanidan qo‘rqqan, himoyaga muhtoj odamga aylantirib qo‘yadi. Himoya esa yashash emas, yashashdan qochish degani.

O‘z-o‘zingizga hayot sabog‘ini berishga odatlaning. Yashash – muntazam qilingan xatolar xulosasi. Modomiki, xulosa yo‘q ekan, yashab ham bo‘lmaydi. Boshi devorga tegib ham saboq chiqarmayotgan odam esa chindan-da qashshoq va baxtsizlikka munosib.

Tavakkal qilishga odatlaning. Bu o‘zini hayotning eng yaxshisiga munosib ko‘rish degani. Hayot ishora va belgilar yordamida bizga doimo “Kel, ichkariroq kir!” deydi. Ammo ko‘pincha biz uning suratini olamiz-da, so‘ng qo‘rqib orqaga tisarilamiz.

Har daqiqa aziz insonlarni qadrlang va himoya qiling. Hayot, bu faqat ish degani emas. Shunday ekan, oila, ota-ona, do‘stlaringiz uchun ham yashang. Ayniqsa, ota-onani aziz bilib, xizmatlarini qiling. Shekspir aytganidek, ota-onaning ovozi – Yaratganning ovozi. Farzand uchun ular jannat yo‘lboshlovchilaridir. Muvaffaqiyatli insonlarning eng katta yutuqlari – oqil va oqila ota-ona bilan siylanishlaridir.

Manba: Shuhrat Sattorovning “Biz g‘alaba qozonamiz” kitobi

Telegram | Bot | Tel (91) 327 32 31

Admin: Musoxon | Tel (94) 551 71 80