Get Mystery Box with random crypto!

​Kechinma Kimdir qasr qurar, kim kulbaga zor, Har qadamda qay | Osum_Ali_negative_motivation

​Kechinma

Kimdir qasr qurar, kim kulbaga zor,
Har qadamda qaynar "ur-ho, ur" bozor,
Har qadamda turtki, har qadam ozor.
"Og'ayni, bilib bos, derlar qadamni,
Toshkent tan olmaydi pulsiz odamni"

Tunlar bedor yozgan kitobing bekor,
"Millat! Uyg'on" degan xitobing bekor,
Bir pasda soviysan- shitobing bekor.
Endi odat qilgin sabr-chidamni,
Toshkent tan olmaydi pulsiz odamni.

Ilm-u, urfon qani, shuur-shon qani?
Ezgulik deb kechgan go'zal on qani?
Mardlar qayda qoldi va maydon qani?
Kezib kelsang hamki yetti olamni,
Toshkent tan olmaydi pulsiz odamni.

O'yinchi(Vaynchi) ko'paygan, ko'paygan raqqos,
Zamon nag'ma chalar olchoqlarga mos:
"Bir-biringni tanla, bir-biringni bos!"
birov der : " Bozorga soldim otamni-
Toshkent tan olmaydi pulsiz odamni."

Hamma narsa, har kas sotilar,
Sotqin,
Dunyo daryosiga keng quloch otgin,
Seni sotishdimi, sen ham jim sotgin.
Dema qashqirlarga bermam podamni,
Toshkent tan olmaydi pulsiz odamni.

Keksalar bo'yanib yoshga aylangan,
Qalblar hissiz, loqayd- toshga aylangan,
Eng dolzarb masala -OSHga aylangan.
Sarf-u, xarjda dog'da qoldir Hotamni,
Toshkent tan olmaydi pulsiz odamni.

Inson qadri - bir pul, nomusdir arzon,
Chidolmay yer tez-tez silkingay - larzon,
Sarsonlar kammidi, men ham bir sarson.
So'qirman, ayt, kimga tutarman shamni?
Toshkent tan olmaydi pulsiz odamni.

O'z xalqiga xoin kimsalar otdan
tushsa-da, egarni qo'yvormas chotdan,
Qulog'ing qomatga keldimi "dod"dan.
Unutgil jafoni, unut sitamni,
Toshkent tan olmaydi pulsiz odamni.

Ey, Osiy, vatanda vatansiz kasman,
Darbadar shamollar uchirgan xasman,
Xaq deyman, o'rnimni topa olmasman.
Ketgum olislarga boy bermay damni,
Toshkent tan olmaydi pulsiz odamni.

Mustafo tog'o