Get Mystery Box with random crypto!

Qabristonda kecha yoqqan qor Mildir-mildir erib yotibdi. Go'r | Iqror

Qabristonda kecha yoqqan qor
Mildir-mildir erib yotibdi.
Go'r ustida bir it ingrab zor,
Loyga bag'rin berib yotibdi.

Kecha tobut ko'tarilgan dam
U beorom yugurgan-yelgan.
Quvsalar ham, tosh otsalar ham
El ortidan mozorga kelgan.

Otasidan ayrilsa agar
Buncha kuymas odam bolasi.
Yolg'on edi kecha yig'ilar,
Rost edi shu itning nolasi.

Sovuq tunda qotib, diydirab,
Qabrga u qo'yib yotdi bosh.
Erigan qor kabi mildirab
Ko'zlaridan tinmay oqdi yosh…

Biz insonmiz, sohibi dunyo,
Qudratlimiz, mag'rurmiz, to'qmiz.
Sadoqatda, mehrda ammo
Shu bechora bir itcha yo'qmiz...


Erkin Voxidov