Get Mystery Box with random crypto!

HALOLLIK VA TOʻGʻRILIK HAQIDA RIVOYAT Halollik, toʻgʻrilikda | SEVGI SEN UCHUN

HALOLLIK VA TOʻGʻRILIK HAQIDA RIVOYAT

Halollik, toʻgʻrilikda
Hikmat koʻp erur gʻoyat,
Keling doʻstlar soʻyilayin,
Sizga zoʻr bir rivoyat.

Qadim oʻtgan zamonda,
Yaxshi, yomon bor ekan,
Abdusalom ismli,
Halol inson bor ekan.

U halol mehnat qilib,
Halol kun koʻrgan ekan,
Uning yakka-yu, yolgʻiz,
Bir oʻgʻli boʻlgan ekan.

Yer-u koʻkka ishonmas,
U yolgʻiz bolasini,
Boqib katta qilibdi,
Toʻkmay bir tolasini.

Kunlar, oy ,yillar oʻtib,
Bilagi kuchga toʻlib,
Yetishibdi u bola,
Pahlavon yigit boʻlib.

Kunlardan bir kun yigit,
Bir oz oʻyga tolibdi,
Va kelib otasiga,
Bir maslahat solibdi.

_Ey ota keksaydingiz,
_Roʻzgʻor yukin men olay,
_Ayting endi otajon,
_Men qandayin kasb qilay.

_Ey oʻgʻlim har oilaning,
_Boquvchisidir erlar,
_Boʻyindan bogʻlangan it,
_Ovga yaramas derlar.

_Bu hayot haqiqati,
_Buni bilgin, anglagin,
_Endi oʻzingga yoqqan,
_Kasb yo hunar tanlagin.

Oʻgʻil oʻylanib bir oz,
Soʻz qotibdi jonsarak,
_Ota eng yaxshi kasb,
_Oʻgʻirlik boʻlsa kerak.

Mayli debdi otasi,
Xayolga choʻmib bir dam,
_Qoʻshnimizni qoʻyini,
_Oʻgʻirlab koʻr-chi bolam.

Yigit yeng shimaribdi,
Rosti oʻgʻirlik uchun,
Qoʻshni uydan bir qoʻchqor,
Oʻgʻirlabdi oʻsha tun.

Otasi debdi hursand:
_Ishingdan toʻldi koʻnglim,
_Bir hafta mazza qilib,
_Yeb yotamizda oʻgʻlim.

Shu soʻzni aytib ota,
Xandon otib kulibdi,
Xullas ular bir hafta,
Rosa maishat qilibdi.

Hash-pash deguncha zumda,
Bir hafta ham oʻtibdi,
Ota oʻgʻil oʻzlarin,
Tarozida tortibdi.

Oʻgʻil uch kilo ozgan,
Xoʻp ichin yemiribdi,
Lekin, hayron otasi,
Toʻrt kilo semiribdi.

Qarab qolibdi oʻgʻil,
Otaga hayron boʻlib,
Nodon oʻgʻliga debdi,
Shunda otasi kulib.

_Men haloldan non topib,
_Bir burdaga toʻygandim,
_Sen oʻgʻirlagan qoʻyni,
_Pulin toʻlab qoʻygandim.

_Shu sabab men xotirjam,
_Qoʻy goʻshtin yeb semirdim,
_Sen esa xavotirda,
_Oʻz oʻzingni yemirding.

_Koʻrdingmi harom luqma,
_Qancha yesang yuqmaydi,
_Oʻgʻridan bil hech qachon,
_Baxtli odam chiqmaydi.

_Bu bir oddiy haqiqat,
_Buni bilgan,anglagin,
_Endi oʻgʻlim oʻzingga,
_Halol bir kasb tanlagin.

Halollikda gap koʻpda,
Qurib ketsin oʻgʻrilar,
Yer yuzin bosib ketsin.
Diyonatli toʻgʻrilar.

Kim haromdan boyibdi,
Uni Alloh suymasin,
Halollikda hikmat koʻp,
Halolidan qoʻymasin.



@Sevgi_Sen_Uchu_N