Get Mystery Box with random crypto!

MUHAMMAD Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “MUHAMMAD Alloh | Din Va Hadislar 🤲🏼🕋

MUHAMMAD

Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “MUHAMMAD Allohning rasulidir ...” (“Fath” surasi, 29-oyat).

Alloh taolo Qurʼoni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan g‘oyatda eʼzoz, ikrom va taʼzim ila munosabatda bo‘lgan. Bir qator oyatlarda, shuningdek, hadislarda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “MUHAMMAD” ismi bir necha bor tilga olingan. Jumladan, Qurʼoni karimda mazkur ulug‘ ism to‘rt marta zikr etilgan, hatto butun boshli bir sura “MUHAMMAD” deb nomlangan:

1. “MUHAMMAD payg‘ambardir, xolos ...” (“Oli Imron” surasi, 144-oyat);

2. “MUHAMMAD sizlarning erkaklaringizdan birortasiga ota emasdir, balki u Allohning elchisi va payg‘ambarlarning muhridir ...” (“Ahzob” surasi, 40-oyat);

3. “Imon keltirgan va solih amallarni qilgan hamda MUHAMMADga nozil qilingan narsaga (Qurʼonga) – holbuki, u Parvardigorlari tomonidan kelgan haqiqatdir – imon keltirgan zotlarning esa yomonlik (gunoh)larini o‘chirur va ishlarini isloh etur” (“Muhammad” surasi, 2-oyat);

4. “MUHAMMAD Allohning rasulidir ...” (“Fath” surasi, 29-oyat).

“MUHAMMAD” so‘zi arab tilidagi “ko‘p hamd aytmoq” o‘zagidan olingan bo‘lib, “ko‘p maqtalgan” degan maʼnoni anglatadi. Arablar maqtovli sifatlari ko‘p bo‘lgan odamni “Mahmud” va “MUHAMMAD” deb atashadi.

“MUHAMMAD” – barcha maqtovlarni o‘ziga qamrab olgan ism! Zero, hamd va maqtov faqat komil insonga loyiq. Boshqa komil insonlardan farqli o‘laroq, “MUHAMMAD” ismiga eng mukammal xislatlarga ega bo‘lgan shaxsgina haqli bo‘ladi! Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni siylab, O‘z ismi (MAHMUD)dan olingan “MUHAMMAD” va “AHMAD” ismlari bilan U zotni sifatlab qo‘ygan. Bu haqida Hasson ibn Sobit roziyallohu anhu shunday bayt aytgan:

Ko‘rmaysizmi, Alloh O‘z Bandasiga burhon (hujjat)larni yubordi,
Alloh eng oliy va eng ulug‘ zot!
Uni ulug‘lab, Unga O‘z ismidan ikki ism berdi,  
Arsh sohibi – MAHMUD, bu esa MUHAMMAD! 

Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir tilda madh etiladi, va har bir qalbda eʼzozlanadi! Hatto avvali-yu oxirgi ummatlar, muqarrab farishtalar va barcha jonzotlar ham U zotga madh aytadi! U zotda barcha mukammal sifatlar va maqtovli xislatlar mujassam bo‘lgan!

Qurʼoni karimda “MUHAMMAD” ismi risolat va nubuvvat bilan birgalikda zikr etilgani alohida ahamiyatga molik. Bu haqida Imom Moturidiy rahimahulloh shunday yozadi: “Baʼzi olimlar “MUHAMMAD” ismi zikr etilgan oyatlarni hujjat qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshqa Payg‘ambarlardan afzal ekanini taʼkidlaganlar. Ularning aytishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurʼoni karimning qaysi oyatida zikr qilingan bo‘lsa, o‘sha oyatda risolat va nubuvvat ham zikr etilgan. Alloh taolo U zotga: “Ey Nabiy”, “Ey Rasul” va “MUHAMMAD – Allohning Rasuli”, deb xitob qilgan. Boshqa Payg‘ambarlarni esa, nubuvvat va risolat sifatlarini qo‘shmasdan faqat o‘z ismlari bilan zikr qilgan. Shuningdek, bir qator oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning va sahobalari va ummatlari ham boshqa ummatlardan afzal ekaniga dalillar mavjud. Jumladan, Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlariga: “Ey imon keltirganlar”, “Ey mo‘minlar”, deya eng go‘zal ismlar bilan xitob qilgan. Boshqa ummatlarga esa: “Ey Bani Isroil”, “Ey bani Odam”, deb murojaat qilgan”.

“MUHAMMAD” ismi kalimai shahodatda Allohning nomi bilan birga zikr etiladi!

“MUHAMMAD” ismi har azon va iqomatda ikki martadan zikr qilinadi!

“MUHAMMAD” ismi jannat darvozasiga bitilgan! Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi marfuʼ hadisni rivoyat qiladi: “Men Meʼroj kechasida osmonga chiqqanimda jannatning eshigiga shunday deb yozilganini ko‘rdim: “Allohdan o‘zga hech bir iloh yo‘q! MUHAMMAD – Uning Rasuli! ...” (Ibn Hajar rahimahulloh rivoyati).

“MUHAMMAD” Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng mashhur, eng ko‘p zikr qilingan hamda butun ummat ijmo qilgan ismi!

“MUHAMMAD” ismi zikr etilganda, salovot aytish lozim bo‘ladi!