Get Mystery Box with random crypto!

ERKIN VOHIDOV - ILTIJO... Ey, hayot deyilgan mo'jiziy qudrat, | SANAMJON 🎀🎀🎀

ERKIN VOHIDOV - ILTIJO...

Ey, hayot deyilgan mo'jiziy qudrat,
Tiriklik atalgan buyuk ibtido!
Ey, meni olamga keltirgan qismat,
Jonlar volidasi - ey oliy momo!
Charxmisan - falakmi, yoki tabiat,
Shukrona ayturman senga avvalo

Inson jismin berib menga bul sifat,
Keng olamni qilding ko'kragimga jo.
Dilimga his berding, boshimga fikrat,
Qulog'imga ohang, ko'zimga ziyo.
Solding qalbga jon-u, jonga muhabbat,
Qo'limga soz tutding, tilimga navo.

Menga nasib etding shunday mamlakat,
Mamlakatki, olam mulkida tanho,
Yashamoqqa berding sozgina muhlat,
Tarix tirsagidan umr etding ato.
Shukrona aytayin, bergil ijozat,
Zamon-u makoning uchun bebaho.

Ey, hayot deyilgan mo'jiziy qudrat,
Tiriklik atalgan buyuk ibtido,
Ey, meni olamga keltirgan qismat,
Jonlar volidasi - ey oliy momo!
Qoshingda tiz cho'kay, bergil ijozat,
Shukronamni aytib qilay iltijo.

To bu dam nimaki qilibman niyat,
Ko'nglimda tug'ilmish neki muddao,
Qandayki so'rabman sendan saodat,
Barchasini bekam qilding muhayyo.
Qoshingda tiz cho'kay, bergil ijozat,
Yolvorib qilayin senga iltijo!

Menga diyor berding, ko'rk-u latofat,
Xusn-u malohatda tengi yo'q, a'lo.
Ona o'lkam mening ramzi sadoqat,
Durlar shodasida durdona go'yo.
Men uni sevganman, jonim ol, faqat
Diyorim mehridan qilmagin judo!

Menga maslak berding, hur insoniyat,
Oydin istiqboli umrimga ma'no,
Bor ekan ko'zda nur tanimda quvvat,
O'shal e'tiqodim menga rahnamo.
Roziman, mayliga, borim ol, faqat
Yorug' ishonchimdan qilmagin judo!

Menga sevgi berding ul oftob tal'at,
Dilimga dard soldi, ham bo'ldi shifo,
U bois menda bor quvonch va hasrat,
U bois ko'rarman vafo ham jafo.
Mayli, o'sha o'tda yonayin, faqat
Meni muhabbatdan qilmagin judo!

Menga do'stlar berding, do'stlikku hikmat,
Tanholik dardiga u tanho davo.
Olamda bor bo'lsa, neki farog'at,
Avvalo do'stimga ko'rurman ravo.
Yuragimni olgin, roziman, faqat
Meni do'stlarimdan qilmagin judo!

Menga qalam berding, munis she'riyat,
Hayotimni qilding to'liq va raso.
Ko'zdan uyqu ketdi, tandin halovat,
Lek jomi jam bo'ldi ko'nglimda paydo.
Jon-u jahonimni ol, mayli, faqat
Meni she'r mehridan qilmagin judo!

Zamon kelar bir kun, ellar hamjihat,
Saodat qasrini qilurlar bino.
Men ham o'sha kunga borurman albat,
Qalamimni qilib qo'limga aso.
Iltijo qilurman senga - tabiat,
Meni pok iymondan ayirma aslo!

Kanalimizga obuna bo'ling!

https://t.me/joinchat/AAAAAEms7ALOZpVxIIBGig