Get Mystery Box with random crypto!

​TAʼLIM SIFATINI OSHIRISH — YANGI OʻZBEKISTON TARAQQIYOTINING | SamDAQU │ Rasmiy kanal ©

TAʼLIM SIFATINI OSHIRISH — YANGI OʻZBEKISTON TARAQQIYOTINING YAKKAYU YAGONA TOʻGʻRI YOʻLI
#munosabat

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida taʼlim xizmatlari sifatini oshirish va jamiyatni rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalarni belgilab berdi.

Mazkur tadbir mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea boʻldi. Chunki unda mamlakat hayotining barcha jabhalari qamrab olingan, mavjud vaziyatga oqilona baho berilgan. Mamlakat salohiyati bilim va tafakkurda ekanligiga urgʻu berilib, “Taʼlim sifatini oshirish — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻli” ekanligi taʼkidlandi. Taʼlim sifati uchun bogʻcha tarbiyachisi va maktab oʻqituvchisidan tortib mamlakat taʼlim tizimining barcha bosqichlari mutassadilarining masʼuliyatini oshirish vazifasi qoʻyildi.

“Inson qadri uchun” deb nomlangan 2022-yilning mantiqiy davomi sifatida kirib kelayotgan 2023-yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb eʼlon qilinishi biz uchun ham sharaf, ham masʼuliyatdir. Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, mamlakatimiz Prezidenti va hukumati soʻnggi yillarda mamlakatda taʼlim sifatini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Oʻylaymanki, kelgusi yilda taʼlim tizimida yanada jiddiy islohotlar hayotga tatbiq etiladi.

Oʻzbekiston taʼlim tizimida islohotlar davom etayotgani va faollashayotganini alohida taʼkidlashni istardim. Zotan, xalqimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar natijasini koʻrib turibdi. Kelgusi yillarda ham yangi maktablar qurish, taʼlim tizimida islohotlarini davom ettirish, oʻqituvchi va murabbiylar mavqei hamda nufuzini oshirish boʻyicha ham katta rejalar qilinganligi barcha taʼlim sohasi xodimlarini behad quvontirdi. Ayniqsa, oʻqituvchilar obroʻsini yuksaltirishni mamlakatimizning asosiy qonuni – Yangi konstitutsiyamizga muhrlab qoʻyilishi davlatimizda taʼlim sohasiga yuksak eʼtibor qaratilayotganligi ifodasidir.

Oliy taʼlimga nisbat berilsa, taʼlim sifatini oshirish, korrupsiyaga barham berish, universitetlar oʻrtasida haqiqiy raqobat muhitini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda mehnat bozorining talablari sezilarli darajada oʻzgarib bormoqda, yuqori professional malakaga ega raqobatbardosh kadrlarga boʻlgan ehtiyoj ortib bormoqda. Muvaffaqiyatning asosiy mezoni universitet bitiruvchilariga nufuzli soha korxonalaridan boʻlgan talab, ularning yuqori haq toʻlanadigan ishlarga qabul qilinganligi bilan oʻlchanishi kerak. Chunki, bitiruvchida oliy maʼlumot olganligini tasdiqlovchi diplomining borligi unga ixtisosligiga mos ish topishiga kafolat berolmaydi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, “...mamlakatimizda oliy taʼlimga oʻqishga kirishdagi korrupsiya deyarli yoʻq boʻldi. Lekin oliy taʼlim muassasalari ichidagi korrupsiya hamon saqlanib qolmoqda”. Taʼlim tizimini, ayniqsa, oliy taʼlimni korrupsiya illatidan butkul halos etishimiz zarur. Bunga faqat targʻibot uchrashuvlarini koʻpaytirish, ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish bilan erishib boʻlmasa kerak. Agar jamiyatda korrupsiyani yoʻqotsak, taʼlim sifatini oshirsak, bu universitetlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi, eng asosiysi, yoshlarimizga zamonaviy sifatli taʼlim beriladi.

Uktam Sirojiddinov
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi


SamDAQU Axborot xizmati
@samdaqueduuz