Get Mystery Box with random crypto!

​​9-May 'Xotira va qadrlash' kuniga bag‘ishlangan hikoya Ona | Jaloliddin Rumiy Aforizmlari📚

​​9-May "Xotira va qadrlash" kuniga bag‘ishlangan hikoya

Ona Mehri (erinmasdan oxirigacha o‘qing, tinch zamonamizga shukur qilaylik)


Rahmatli otamiz Normatov Boshbek ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi bo‘lganlar. Bola edim. Otamiz odamni titratib yuboradigan bir voqeani onamizga gapirib berganlari hamon esimda.
- Vyazma yo‘nalishidagi bir chog‘roq shaharchani dushmandan ozod qildik, – deya gap boshladi otamiz. – Qahraton qish. Ikki qavatli yog‘och uylar, ko‘cha to‘la o‘liklar... Bir uyning ikkinchi qavatiga chiqsam, latta-puttalar uyumi yonida bir ayol o‘lib yotibdi. Bitta ham dushman yo‘q – qochib ketishgan shekilli. Endi o‘girilib ketmoqchi edim, o‘lik yonidagi latta uyumi qimirlaganday bo‘ldi. Ochib ko‘rsam, yo qudratingdan, tirik chaqaloq o‘lik onasini emib yotibdi!.. Derazaga yugurib borib, pastdagi hamshirani chaqirdim. Zudlik bilan hamshirayu vrachlar yetib kelishdi. Hayratlanarli joyi shundaki, murda sovuqda qotib qolgan bo‘lsa ham chaqaloq emayotgan ko‘krak yumshoq va issiq edi, ikkinchisi qotib yotibdi! Harbiy vrachlar ham hayratda: odam o‘lgandan keyin uzog‘i bilan yigirma daqiqadan so‘ng organizmdagi barcha a’zolar o‘z faoliyatini to‘xtatishi kerak-ku!.. Vrachlarning aytishicha, bu ayolning joni uzilganiga o‘n kun, bo‘lmaganda bir hafta bo‘lgan ekan!.. Hamshiralar tezda go‘dakning tagligini almashtirishdi, qaytadan yo‘rgaklab, shinelga o‘rashdi. Oradan ko‘p ham vaqt o‘tgani yo‘q, bir payt qarasak, hozirgina chaqaloq emib turgan qaynoq va yumshoq ko‘krak ham ikkinchisiga o‘xshab sovuqda qotib yotibdi. Xuddi jigargo‘shasining ishonchli qo‘llarga tushganidan xotirjam bo‘lganday... Birov gapirib berganida ikki dunyoda ham ishonmasdim, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim axir... – deb otamiz hikoyasini tugatdilar.


Nima bu? Bu ne sinoat, ne moʻjizaki, ona o‘lganidan keyin ham yuragining bir parchasiga ummon qadar mehr, osmon qadar muhabbat sog‘insa! Tabiat qonunlariga bo‘ysunmaydigan, tibbiyot qonunlarini tan olmaydigan ONA MEHRI oldida butun borliq ta’zimda

Sharof Boshbekov


••┄┄┄❅┄┄┄•••
@Rumiy_AforizmlariUz /
Ma'nolarning tuganmas jilosi