Get Mystery Box with random crypto!

​​LAYLATUL QADR Qanday oqshom, Bu qanday kecha, Yulduzlardan | Jaloliddin Rumiy Aforizmlari📚

​​LAYLATUL QADR

Qanday oqshom,
Bu qanday kecha,
Yulduzlardan yog‘ar mushk-atir.
Falak tuzar bir yillik reja –
Laylatul qadr.

Har lahzasi billurdek toza,
Yog‘duli shab – ming oyga tatir.
Lang ochilur yorug‘ darvoza –
Laylatul qadr.

Farishtalar tushajak g‘uj-g‘uj,
Nurlanadi barcha kent, adir.
Salom yo‘llar bizga Buyuk Kuch –
Laylatul qadr.

Duru gavhar sochgay sohir Ruh,
Oshiq ahli tusharkan sadr.
Dilga sig‘mas shavqu tavajjuh –
Laylatul qadr.

Samo – misli ochiq dasturxon,
Oy – ushatib qo‘yilgan patir.
O‘z rizqidan rozidir har jon –
Laylatul qadr.

Tongga qadar eson-omonlik,
Hech dil bilmas g‘am-g‘ussa nadir.
Sidirilar hamma yomonlik –
Laylatul qadr.

She’r oqadi – toza bol kabi,
Quyulgaydir satrma-satr.
Ilhom saxiy bu tun... Sababi – 
Laylatul qadr...


Nodir Jonuzoq

••┄┄┄❅┄┄┄•••
@Rumiy_AforizmlariUz /
Ma'nolarning tuganmas jilosi