ONANGIZNI YOʻQLANG, ODAMLAR! Bozor tushing, oling toʻrtta n | @Rumiy_AforizmlariUz
ONANGIZNI YOʻQLANG, ODAMLAR!
Bozor tushing, oling toʻrtta non,
Yon koʻtarsa pista, bodomlar.
Bunda sizga eng aziz mehmon
Onangizni yoʻqlang, odamlar!
Demang, dunyo qoʻlimdan tutgan,
Qoʻlim qoʻysa yoʻlimdan tutgan,
Dunyoni bir chet qoʻyib, kutgan,
Onangizni yoʻqlang, odamlar!
Koʻnglin oling xush suhbat qurib,
Hajga boring orqalab yurib,
Toki tuproq quchmasdan turib,
Onangizni yoʻqlang, odamlar!
Vaj boʻlmasin koʻklam, qishingiz,
Chala qolsa qolsin ishingiz,
Haqdan keyin chin doʻst kishingiz,
Onangizni yoʻqlang, odamlar!
Nafs aqldan chiqmasin gʻolib,
Soʻngda yurmang pushmonda nolib,
Yon yoringiz, bolangiz olib,
Onangizni yoʻqlang, odamlar!
Band dast dardda, gʻamda chiniqqan,
Sogʻinch sabab rangi siniqqan,
Sizni joni garovda tuqqan,
Onangizni yoʻqlang, odamlar!
Onasiz tun oh urar qarang,
Kun bosh egib, jim yurar arang,
Jon oʻq, tan yoy tortilmay tarang,
Onangizni yoʻqlang, odamlar!
Boʻlsa sizda iymon, gʻurur, or,
Mehringizga etmang buncha zor,
Bir kuni sogʻ, besh kuni bemor,
Onangizni yoʻqlang, odamlar!
Hech toʻxtamas soatning mili,
Oʻtib borar millarda yili,
Bolangizdan qaytar hosili,
Onangizni yoʻqlang, odamlar!
Pul topilar, topilar safo,
Va lek biling safo bevafo,
Keksa jonga chektirmay jafo,
Onangizni yoʻqlang, odamlar!
Tulpordami yo yurib yayov,
Yoʻl-yoʻlakay hech qursa birrov,
Arzin aytmas hokisor, bayov
Onangizni yoʻqlang, odamlar!
Kuyga solsin baytimni baxshi,
Ona butun borliqning naqshi,
Hamma hamma hammadan yaxshi,
Onangizni yoʻqlang, odamlar!
Vaqt yoʻq degan soʻzingiz chakki,
Baytim sizga berguvchi dakki,
Tunlar aytgan allasi haqqi,
Onangizni yoʻqlang, odamlar!
(Marhabo Karimova)
Yaxshi sheʼr ekan, yaxshilarga ilindim...!!!
SAVOB UMIDIDA DOʻSTLARINGIZGA HAM ULAShING!!! ALLOH ROZI BOʻLSIN !
https://t.me/Rumiy_AforizmlariUz
Qalblardan ezgulik izlagan qalblar uchun ...
••┄┄┄❅┄┄┄•••
A'zo bo‘ling
@Rumiy_AforizmlariUz /
Ma'nolarning tuganmas jilosi