Get Mystery Box with random crypto!

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston term | ROBOCODE IT ACADEMY

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga tabrik yo‘lladi

“Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida har tomonlama munosib ishtirok etib, Olimpiada chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘lganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Sizlar dunyoning manaman degan shaxmat ustalari ishtirokida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan, 188 ta jamoa ishtirok etgan ushbu eng nufuzli shaxmat musobaqasidagi ulkan g‘alabangiz bilan mamlakatimiz sporti tarixida yangi sahifani ochib berdingiz.

Ushbu musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboyev, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov kabi o‘g‘lonlarimizning iste’dodiga butun dunyo yana bir bor tan berdi. Ayniqsa, Jahongir Vohidovning so‘nggi o‘yindagi g‘alabasi terma jamoamizning tarixiy g‘alabasini ta’minladi.

Shuni alohida g‘urur bilan ta’kidlash kerakki, sportning shaxmat turida butun dunyoda nom chiqargan Hindiston, AQSH, Armaniston, Niderlandiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi davlatlar vakillari ishtirok etgan ushbu olimpiadada terma jamoamiz a’zolari har tomonlama munosib ishtirok etib, bironta o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchramadi.

Sizlar shu tariqa o‘zbek shaxmat maktabining shon-shuhratini yuksak bosqichga olib chiqdingiz. Sizlar kabi azmu shijoatli, vatanparvar yoshlar eng katta boyligimiz, millatimizning “oltin fondi”, desam, o‘ylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman.

Mana shunday zukko va katta salohiyatli o‘g‘lonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun ota-onalaringiz va ustozlaringizga chin yurakdan tashakkur izhor etaman.

O‘zbekistonning shaxmatchi qizlari ham ushbu xalqaro musobaqada munosib ishtirok etib, o‘zlarining salohiyati baland ekanini yaqqol namoyish qildilar. Shu o‘rinda ularga ham chin qalbimdan tasanno aytaman”, deyiladi Prezidentimizning tabrigida.

@alisher_sadullaev