Get Mystery Box with random crypto!

Shri-Lanka bu holatga qanday tushib qoldi? Shri-Lankada to'po | Yosh siyosatchi

Shri-Lanka bu holatga qanday tushib qoldi?

Shri-Lankada to'polonlar ortidan bosh vazir Ranil Vikramasingxe va prezident Gotabaya Rajapaksa shanba kuni iste'foga chiqishga rozi bo'ldi. Mamlakat bu kunlarga qanday kelib qoldi?

Bu savolga ikkita so'z bilan javob berish mumkin: korrupsiya va layoqatsiz boshqaruv.

Rajapaksa 2019-yilda prezident etib saylanganidan so‘ng mamlalat tarixidagi eng katta soliq imtiyozlarini e'lon qildi. Natijada mamlakat g'aznasi yiliga kamida 1,4 milliard dollar yo'qotishga uchradi. Tashqi qarzlar miqdori esa oshib bordi.

Xalqaro reyting agentliklari mamlakat reytingini pasaytirgandan so'ng hukumat soliq imtiyozlarini bekor qilishga majbur bo'ldi, ammo chetdan qarz olish allaqachon qimmatroq bo'lib ulgurgan edi.

Noto'g'ri siyosat faqat bu bilan tugamaydi.

O'tgan yili prezident Rajapaksa ximikatlardan xoli organik mahsulotlar yetishtirish da'vosi bilan kutilmaganda kimyoviy o'g'itlar importini taqiqlab qo'ydi. Bu esa qishloq xo'jaligi sektorini deyarli ishdan chiqardi va sholi ekish keskin kamaydi. Keyinroq bu qaror ham bekor qilindi. Ammo endi ancha kech edi. Dehqonchilikni qayta rivojlantirish uchun yana xorijdan qarz olindi.

Global pandemiya muhim daromad manbai bo'lgan turizmni ham to'xtatib, mamlakat yillik 3 milliard dollarlik tushumdan ayrildi.

Mahalliy valyuta 80 foiz qadrini yo'qotdi. Hozir mamlakatda oziq-ovqat, gaz, sut va hatto hojatxona qog'ozini import qilish uchun ham deyarli pul yo'q. BMT ma'lumotiga ko'ra, oziq-ovqat inflyatsiyasi Shri-Lankada 57 foizdan oshgan.

Davlatning qancha qarzi bor?

Shri-Lankaning 51 milliard dollar tashqi qarzi bor va bu qarzlar uchun foizlarni to'lash uchun hukumatda pul yo'q. Mamlakat hozirda Hindistondan olingan 4 milliard dollarlik kredit liniyasi bilan kun ko'ryapti. Yana defoltga uchramaslik uchun bu yil faqat qarz foizlarining o'ziga 7 milliard dollar to'lash kerak. Hukumat Xalqaro Valyuta Jamg'armasidan (XVJ) 3 milliard dollar favqulodda kredit so'ragan. XVJ buning uchun soliq va foiz stavkalari oshirilishini talab qilmoqda. Shri-Lanka, shuningdek, "Katta yettilik" va Xitoy bilan qarzlarni qaytarish shartlarini yumshatish choralarini muhokama qilmoqda.

Iqtisodiy halokat xavfi bilan yuzlashayotgan faqat Shri-Lanka emas

Tashqi qarz yuki ostida defolt xavfi bilan yuzlashayotgan mamlakatlar soni ortib bormoqda. Salvador, Gana, Misr, Tunis, Pokiston kabi bir qator mamlakatlarda shunday xavf yuqori ekani aytilmoqda.

Kelayotgan oylar va yillarda pandemiya, Ukraina urushi bilan bog'liq iqtisodiy muammolar, inflyatsiya, iqtisodiy turg'unlik xavfi ko'plab rivojlanayotgan davlatlar uchun iqtisodiy vaziyatni yanada og'irlashtiradi.

Bunday sharoitda hukumatlar imkon qadar imtiyozlarni, davlat xarajatlarini kamaytirishi kerak. Qarz olishda yetti o'lchab bir kesish va olingan qarz optimal tarzda ko'zlangan maqsadlar uchun ishlatilishi juda muhim. Xalqqa yoqadigan populistik, qisqa muddatli siyosatlardan, imtiyozlardan tiyilib, uzoq muddatda iqtisodiyotni rivojlantiradigan rejalar ustida ishlash kerak. Davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki maksimal darajada qisqartirilishi lozim.

@bmamadiev