Get Mystery Box with random crypto!

Markaziy Osiyo hamjihatligi yo‘lida Joriy yilning 21-iyul san | Yosh siyosatchi

Markaziy Osiyo hamjihatligi yo‘lida

Joriy yilning 21-iyul sanasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Cho‘lponota shahrida to'rtinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edik. Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi uchrashuv chog‘ida besh Respublika tomonidan imzolanadigan muhim shartnoma haqida ma’lum qilibdi. Unga ko‘ra, Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va Turkmaniston Respublikasi o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va XXI asrda Markaziy Osiyo taraqqiyoti yo'lidagi hamkorlik to‘g‘risida shartnoma deb nomlanuvchi muhim besh tomonlama shartnoma imzolanadi.

Shartnomaning asosiy maqsadi quyidagilar hisoblanadi:

- o‘zaro manfaatli masalalarni hal etishda Markaziy Osiyo davlatlari sa'y-harakatlarini birlashtirish;

- mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash;

- yaxshi qo'shnichilik va do'stlikka asoslangan munosabatlarni mustahkamlash.

Shartnoma loyihasida tomonlar o‘rtasida harbiy, savdo-iqtisodiy, logistika, madaniy-gumanitar, energetika va turizm sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni faollashtirish ko‘zda tutilgan.

Shartnoma Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishga, jahon hamjamiyati bilan munosabatlarni shakllantirish hamda zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga nisbatan yondashuvlarni ishlab chiqishga mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.

Shartnomaga muvofiq, tomonlar bir-biriga qarshi kuch ishlatmaslik yoki kuch ishlatish bilan tahdid qilishdan tiyilish, global va mintaqaviy miqyosda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun o‘zaro hamkorlik qilish, zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Basharti shartnomani besh davlat rahbarlari imzolasa, zamonaviy Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro hamjihatlikning huquqiy poydevori ilk marta tashqi ishtirokchilarsiz amalga oshadi. Bu esa mintaqaga bo‘lgan va davom etayotgan geosiyosiy chaqiriqlarga munosib javob bo‘lar edi.

Umuman, Markaziy Osiyoning istiqboldagi hamkorlik (integratsiya) jarayonlari "Markaziy Osiyo Markaziy osiyoliklar uchun" tamoyiliga asoslanishi lozim.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Telegram | Instagram | Facebook | Youtube