Get Mystery Box with random crypto!

Bir yil... Shu bir yilda koʻp narsa topdim, yoʻqotdim. Taqdir | Raykhon's books📚

Bir yil...
Shu bir yilda koʻp narsa topdim, yoʻqotdim.
Taqdir turtdi, erkaladi.
Koʻpchilikning yuzini koʻrdim. Koʻpchilik yuzimni koʻrdi.
Umrimning 1 yili shovqinli dunyoda, shamoldek oʻtib ketdi.
Koʻp narsaga ulgurmadim.
Juda koʻp kitoblar o'qilmay qoldi. Umrim esa oʻtib ketyapti...
Juda koʻp ilmlarni olishga tinmay harakat qildim, qilyapman.
Ammo vaqt meni ayamadi, ayamayapti.
Olib ketyapti borlarini... Olib ketyapti qadrlilarini...
Oʻzimni kitoblarga urdim. Oʻzimni sheʼrlarga urdim.

1 yillik umrim shuni oʻrgatdiki, senga yaqinlaringchalik hech kim yaqin boʻla olmaydi.
Otang, onang va tananggina senga doʻst.
Sen juda qadrli deb oʻylagan narsalaring aslida shamolning bitta shitirichalik arzon va arzimas.

Jahlim chiqib, oʻzimni boshqara olmay, dunyoda mendan zoʻri yoʻq deb oʻylab qolsam, qabristonning yonidan oʻtadigan odat chiqardim.
Bu dunyoda hammamizni boradigan joyimiz bittaligini angladim.
Tez-tez odamlar bilan uzoooq suhbat quradigan odat chiqardim.

Inson hamma narsaga toʻyarkan, toza havodan boshqa, albatta.
Hamma narsadan toʻyib ketganimda toʻyib-toʻyib nafas oldim.
Hozircha tekin va beminnat.
Yil tugadi, yil boshidagi oldimga qo'ygan rejalarimning  baʼzilari bajarildi, baʼzilarini oʻrnini navbatdan tashqaridagi ishlar egalladi.

Oʻzimdan «madaniyatli», «kuchli», «sabrli», «band» va «tarbiyali» odamni yasab oldim.
Asl muammolar qolib, ortiqcha ishlar bilan boshimni qotirdim. Koʻp kuyundim. Har kuni, har lahza boʻlayotgan voqealardan ezildim.
Davralardan qochdim, yigʻinlarni tark etdim. Yolgʻiz yurdim, yolgʻiz sayr qildim.
Kimdirlar uchun yaxshi doʻst, yaxshi maslahatchi boʻlolgandirman, ammo yaxshi talaba, yaxshi farzand va eng muhimi oʻzim uchun yaxshi «Men» boʻlolmadim.
Oʻzimning ilmsiz, anchagina tajribasiz va qoʻlimdan hech narsa kelmasligini angladim.
Shu kamchilik va nuqsonlar bilan ham 2022-yil men uchun qadrli!

2022- yil!!!

Boshqalar uchun yomon boʻlishing mumkin, menga emas.
Kitob o'qidim. 40 dan ortiq hikoya, esse, novella oʻqidim. 5 dan ortiq sheʼriy kitoblarga gʻarq boʻldim.
Xattotlikka, turk tiliga, arab tiliga mehrim yana-da oshdi.
Ajoyib doʻstlar, tanishlar orttirdim. Kanalim sabab koʻpgina ajoyib insonlar bilan tanishdim, doʻstlashdim.
Ilm uchun ehson markazi, undagi insonlar qalbimdan boshqacha oʻrin egalladi.
Men uchun yaxshi yilsan 2022.
Seni hayotimda qoldirgan chandiqlaring, ogʻriqlaring bilan sevaman.

2023 !
Bilmadim, qanday yil boʻlasan?!
Bilmadim, senda nimalar boʻladi?!
Bilmadim, qancha kitoblar keladi?!
Biladiganim, senda hammasi yaxshi boʻladi, nasib ...

T.me/Raykhona_literature