Get Mystery Box with random crypto!

Van Gogning hayoti juda sirli. Nega deganda, u tirikligida tan | Metanoia

Van Gogning hayoti juda sirli. Nega deganda, u tirikligida taniqli shaxs va e’tiborli inson bo’lib, odamlar nazdida gavdalanmagan. Aksincha, mayxo’r, oddiy bir tentak ko’cha rassomi sifatida eslangan. Biroq, o’limidan keyingi misli ko’rilmagan mashhurlik Van Gogning odamlar ongida qayta tirilishiga sababchi bo’ldi. Shundan so’ng uning mavhum hayoti va ijodi haqida turli versiyalar paydo bo’la boshladi. Haligacha uning qulog’ini kesish holati va o’limining sabablariga aniq javob topilmagan. Turlicha teoriyalar bor xolos. Faqrlik, ko’p bora rad etilish, tartibsiz shaxsiy hayot, ichkilik bularning barchasi uning ruhiy holatini chigal bir tugunga aylantirgan, kuchli depressiyaga tushurgan. U o’layotganda shunday so’zlarni aytgan;

"G’amginlik abadiy davom etadi."

Vinsentning asarlari men eng ko’p murojaat qiladigan mavzulardan biri. Mone yoki Gogen emas, aynan uning Yulduzli tuni hammada qiziqish uyg'otadi va shu qatori menda ham. Xosh, u shunday cheksiz iztirob chekmaganda, bugunguday mashhur bo’la olarmidi ? Yo’q, yo’q va yana yo’q. Aynan shunday ruhiy holat unga boshqalar ko’rolmagan dunyo eshiklarini ochdi. Uning farzandi yo’q edi, ko’p marta ayollar tomonidan rad etildi. Vinsent uchun asarlari uning zurriyodi bo’lgan deb hisoblayman, shu sabab ham asarlarida o’zgacha tuyg’ular mujassam, ularga tirik ruhni singdira bilgan. Kafkaga tentak dunyoning dahosi, deb ta’rif berishadi. Van Gog ham shunday. Ularning taqdirlari ham bir-biriga yaqin. Qiyin bolalik, tartibsiz hayot, omadsiz karyera, farzandsizlik, erta o’lim, o’limdan so’ng mashhurlik, buyuklik.

Nihoyat bugun Toshkentdagi ko’rgazmada bo’ldim. Yoqimli atmosfera, ba’zi kamchiliklarni hisobga olmasa, yaxshi tashkillashtirilgan tadbir. Menga yoqmagan tarafi, tashrif buyuruvchilarning ko’pchiligi o’zbeklar emas, kelganlari ham, shunchaki rasm tushib ketish, ijtimoiy tarmoqlarda Van Gogga borganini bildirish uchun kelganlar. Juda kamchiligi rostan ko’rgazmaga kelishgan, hatto uxlab qolganlarni ham kuzatdim. Bizda san’atga bo’lgan e’tibor shunday.

Ko’rgazmaga albatta boring. Bunday imkoniyat doim ham bo’lavermaydi.