Get Mystery Box with random crypto!

​#Qurondan_guldasta “EY IYMON KELTIRGANLAR! KO‘P GUMONLARDAN | QUR'ON AHLIGA TUHFA

​#Qurondan_guldasta

“EY IYMON KELTIRGANLAR! KO‘P GUMONLARDAN CHETDA BO‘LINGLAR!

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Ey iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki baʼzi gumonlar gunohdir ...” (“Hujurot” surasi, 12-oyat).

Imom Moturidiy rahimahulloh mazkur oyatni sharhlar ekan, gumon haqida shunday yozadi: “Gumon yo‘q bo‘lishi va o‘zgarishi mumkin bo‘lgan zohiriy sabablar asosida yuzaga keladi”.

Yaʼni, aniq va qatʼiy bo‘lmagan hodisalarga ishonib, xulosa chiqarish “gumon” deb ataladi. Chunki bu sabablar zohiran rost bo‘lib ko‘rinsa-da, vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib ketishi yoki o‘zgarishi, yaʼni biz o‘ylagandan boshqa maʼnoni kasb etishi ayon bo‘ladi.

Imom Moturidiy rahimahulloh mavzuni davom ettirib, shunday yozadi: “Alloh taolo mazkur oyatda yo‘q bo‘lishi va o‘zgarishi mumkin bo‘lgan zohiriy sabablarga tayanib, birovning shaʼni haqida yomon so‘z aytish yoki nojo‘ya hatti-harakatni amalga oshirib qo‘yishdan qaytarmoqda”.

Demak, biror hodisa yuzasidan aniq ishonch hosil qilmasdan turib, asossiz so‘zlarni tarqatmaslik va nojo‘ya ishlarni amalga oshirmaslik zarur. Aksariyat gumonlar mana shunday noaniq va isbotlanmagan sabablar asosida yuzaga keladi.

Abul Barakot Nasafiy rahimahullohning taʼkidlashicha, oyatdagi “chunki baʼzi gumonlar gunohdir” jumlasidagi “baʼzi” so‘zi “ko‘p, aksar”, degan maʼnolarni anglatadi. Yaʼni, gumonlarning ko‘pi gunoh hisoblanadi. Gunohkor esa, iqob – azobga loyiqdir.

To‘g‘ri, gunoh bo‘lmagan gumonlar ham bor. Ammo ularning salmog‘i juda ham kam. Bu haqida Imom Moturidiy rahimahulloh shunday degan: “Alloh taolo “chunki baʼzi gumonlar gunohdir” deya, gunoh bo‘lmagan gumonlar ham borligiga ishora qilgan. Ular ozchilikni tashkil qilib, “yaxshi gumon” deb ataladi. Zero, inson haqida yaxshi gumon qilish joiz bo‘lib, bunda gunoh yo‘qdir. Shubhasiz, Alloh taolo sabablarni oydinlashtirmasdan yoki ayni haqiqatni aniqlashtirmasdan yomon gumon qilishdan saqlanishga buyurgan”.

Abu Lays Samarqandiy rahimahulloh esa, gumonning turlari haqida quyidagilarni yozgan: “Musulmon haqida yomon gumon qilish maʼsiyatdir. Sufyon Savriy rahimahulloh shunday degan: “Gumon ikki xil bo‘ladi:

※ Gunoh bo‘lgan gumon.
※ Gunoh bo‘lmagan gumon.

Gunoh bo‘lgan gumon –gumon qilib, uni gapirish. Gunoh bo‘lmagan gumon esa, gumon qilib, uni gapirmaslikdir”.

Qurʼonni shunchaki o‘qimang, Uni tafakkur qiling!

Manba:
1. Abu Mansur Moturidiy. Taʼvilot Ahl as-sunna. Tahqiq: Ahmad Vonli o‘g‘li, Bakr Tupol o‘g‘li. J.14. – Istanbul: Dar al-miyzan, 2005.– B. 74-75;
2. Abu Lays Samarqandiy. Bahr al-ulum (Tafsir as-Samarqandiy). J.3. – Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiya, 1993. – B. 265;
3. Abul Barakot Nasafiy. Madorik at-Tanzil va haqoiq at-taʼvil (Tafsir an-Nasafiy) J.3. – Bayrut: Dar al-kalim at-tayyib, 1998. – B. 355.


Shayx Alijon qori rasmiy
sahifalari
Telegram|Facebook|Youtube|Instagram