Get Mystery Box with random crypto!

#nazm Sen kelasan... Qogʻozlaring qoʻltiqlagansan, Hayol su | Qalb taskini...

#nazm

Sen kelasan...

Qogʻozlaring qoʻltiqlagansan,
Hayol surib parishonxotir.
Labing kulib turarkan ammo,
Koʻzlaringda gʻalayon sodir.

Qadamlaring mayin esgan yel,
Izlaringni oʻpar sukunat.
Yuzlaringdan taralgan shu'la,
Bitar menchun goʻyoki bir xat.

Oʻylarkansan kitoblaringni,
To'kiladi dardlaring yoddan.
Tabiatga hamohang emas,
Olayotgan nafasing- qasddan.

Diling uygʻoq, qulogʻing mudroq,
Tanbur chertib kelsa-da ohang.
Nogoh aytib yuborgan, yomon
Soʻzlar ila bezalgan yoqang.

Oʻshal qora, tim qora qoshlar,
Sen qoʻrqajak zulmatdan darak.
Koʻzing qayiq, kipriging eshkak,
Manzil bor-u, mavhum jon halak.

Yurakkinang eshik qoqadi,
Goho sokin, goh xurkigan ot.
Sinovlardan tolgan bu qalbing,
Oʻlim debon, tilaydi hayot!

Qoʻlingdagi qogʻozmas goʻyo,
Taqdir bitgan umr daftaring.
"Takrorlamam xatolarimni"-
Deya qasam ichgan lablaring.

Koʻzlaringni toʻsar soch tolang,
Nafasing-la taraysan xushhol.
Koʻzlaringni xatto qinidan,
Qaramaysan kelgandek malol.

Sen kelasan...
Sen kelasan orzular ulkan,
Dardlaringni qoʻltiqlab hamon.
Shu holingda seni "BAXT" deya,
Atab sevgan shahzodang tomon!

Saidakbar Jabboriy