Get Mystery Box with random crypto!

Yangi yil she'ri Inson fe’li ajabdan ajab, Yo‘qdir unga mez | Prezident maktablariga tayyorgarlik

Yangi yil she'ri

Inson fe’li ajabdan ajab,
Yo‘qdir unga mezonsiz olam.
Yulduzlarni o‘lchar botmonlab,
Qarichlaydi cheksizlikni ham.

O‘zi ega, o‘zi qul mangu
O‘zi topgan aqidalarga,
Ne dey, hatto mangulikni u
Bo‘lib chiqqan daqiqalarga.

Daqiqadan soatlar yig‘ib,
Kunlar tuzib oy jam qiladi.
Yig‘lamaydi umr o‘tdi deb,
Yil o‘tdi deb bayram qiladi.

Ko‘paysa-da ajinlar harchand,
Oqarsa-da yillardan boshi,
Quvonadi — ko‘paydi farzand,
Sevinadi — ulg‘aydi yoshi.

Bu tuganmas orzu-havasda
Bor umidbaxsh imonga asos:
Inson o‘lmas.
Asta va asta
Boqiylikka o‘tadi, xolos.

Erkin Vohidov