Get Mystery Box with random crypto!

Kel, yashaylik ulashib mehr, Gʻam kamaysin, mayli, bittaga. Ki | Pok Qalb

Kel, yashaylik ulashib mehr,
Gʻam kamaysin, mayli, bittaga.
Kim biladi biror kuni sen,
Men boʻlmasman, balki, ertaga...

Uzilsada rishtalar bir kun,
Bogʻlayverib solmaylik tugun.
Ne boʻlsa ham kechirgin bugun,
Men boʻlmasman, balki, ertaga...

Yuravergin koʻnglingni xushlab,
Yerni aylan, osmonni ushlab.
Qoʻngʻiroq qil, hech yoʻqsa, eslab,
Men boʻlmasman, balki, ertaga...

Ozorlansang  ranjima sira,
Taʼbimizni qilmaylik xira.
Meros qolsin shirin xotira,
Men boʻlmasman, balki, ertaga...

Manzil yiroq, masofa olis,
Yoʻl boʻladi bizlar yurgan iz.
Qolgan yoʻlni bosarsan yolgʻiz,
Men boʻlmasman, balki, ertaga...

Shirin soʻzni darigʻ tutmagin,
Dardingni ayt ichga yutmagin.
Fursat  boʻlar deya kutmagin,
Men boʻlmasman, balki, ertaga...

Roʻmolimni sekin tortib qoʻy,
Koʻzyoshimni bir bor artib qoʻy,
“Keraksan” deb bugun aytib qoʻy,
Men boʻlmasman, balki, ertaga...

Ummu Amina

@pokqalib