Get Mystery Box with random crypto!

Qachondir shunday bo'lishi kerak. Lekin qanchalik tez? Bu o'zi | Platina.uz | Расмий канал

Qachondir shunday bo'lishi kerak. Lekin qanchalik tez? Bu o'zimizga bog'liq.


Qonunchilik palatasiga saylovlar partiya roʻyxatlari asosida boʻladigan boʻldi. Eng asosiysi, saylovlar mutlaq xolis va erkin boʻldi. Natijada, oʻn yillar davomida beshta partiyadan tashkil topgan parlamenda 18 partiya fraksiyasi joy oldi. Roʻyxatdan oʻtgan jami rasmiy partiyalar soni ikki yilda 71 ga yetdi.

Fuqarolik jamiyatini oldidagi barcha toʻsiqlarni olib tashladi. Nodavlat tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun 3-4 kishi yetarli boʻlib qoldi. Va bu tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish muddatini uzogʻi 10 kun qilib belgilandi. Agar hujjatlarda nuqson va kamchiliklar boʻlganda, Adliya vazirligiga maslahat berish va roʻyxatga olish vazifasi yuklatildi. Shunga qadar nodavlat tashkilotlarni har xil baxonalar bilan roʻyxatga olmay kelgan Adliya vazirligi, 2-3 yil ichida oʻn besh mingdan ortiq nodavlat tashkilotlarni roʻyxatga oldi.

Muddati tugab borayotgan Prezident xalqqa murojaat qilib, “Oʻzbekiston haqiqiy erkin davlat boʻlishi kerak!” dedi. Prezident oʻz nutqida “Oʻzbekiston faqat erkin va huquqiy davlat boʻlgandagina yashab qoladi! Namoyishlardan qoʻrqmang! Siyosiy faol boʻling! Hokimiyatni tanqid qilishdan qoʻrqmang! Hokimiyat – sizning xizmatchingiz! Hech bir xolatda mulozimlar Konstitutsiyani buzishiga imkon bermang! Buning uchun partiyalar tuzing, parlamentda oʻtiring va hech bir shaxs yoki siyosiy kuch tomonidan butun bir davlat siyosati monopoliya qilinishiga imkon bermang!” deb murojaat qildi.

Natijada, Oʻzbekistonda misli koʻrilmagan erkin ruhiyat paydo boʻldi. Xalq oʻygʻondi. Mustaqil va oʻta erkin telekanallar soni yuzdan oshdi. Prezidentning oʻzi ishtirok etgan va Andijondan Nukusgacha tirik insonlar zanjiridan iborat namoyishda, jami ikki million oʻzbekistonlik ishtirok etganligini butun planeta koʻrdi. Bu namoyishning shiori “Oʻzbekiston – endi diktaturaga qaytmaydi!” deb nomlandi. Millatning erkin ruhiyati butun bir davlatning ichki va tashqi siyosatini oʻzgartirib yubordi.

Bir qarashda anarxiyadek koʻrinar edi. Lekin, siyosiy plyuralizm bilan shakllantirilgan davlat institutlari, Oʻzbekistonni endi tashqi kuchlar uchun ogʻir va murakkab davlatga aylantirdi. Jamiyatga bu erkinliklarni berib, uni mustahkamlanishida ishtirok etgan Prezidentning oʻzi ham koʻp tanqidlarga uchradi. Lekin u hokimiyatdan ketgach, uni tanqid qiluvchilar qatorida, aksariyat uni tarixiy xizmatini doim takrorlab kelishdi.

“Agar Oʻzbekistonda demokratiya boʻlsa, davlat tashqi kuchlarga yem boʻladi” degan qoʻrquv oʻzini oqlamadi. Chunki haqiqiy siyosiy plyuralizm endi Oʻzbekistonda faqat millat va uning manfaati asosida, milliy konsensus asosida qaror qabul qilish bilan boʻlar edi. Natijada, dunyo Oʻzbekistonni demokratik deb tan oldi. Koʻp oʻtmay iqtisody oʻsish ham boshlandi. Korrupsiya va monopoliyalar deyarli tugatilgan edi.

Konstitutsiyaga “Hech bir shaxs hech bir holatda, jami oʻn yildan ortiq Prezident boʻlishi mutlaq mumkin emas” degan band kiritildi. Shundan soʻng Oʻzbekistonda, hech bir shaxs jami oʻn yildan ortiq, bir kun ham hokimiyatda qolmadi. Dunyodagi eng katta qit'a hisoblanmish Yevroosiyoning qoq markazida ihotalangan Oʻzbekiston, aynan Millatning erkin ruhiyati orqali ihotalanishni yorib, tashqi bosimlar iskanjasidan qutildi. Oʻzbekiston soʻzda emas, amalda erkin, huquqiy va farovon davlatga aylandi.

Kamoliddin Rabbimov
https://t.me/platina_uzb