Get Mystery Box with random crypto!

KELAJAKKA OVOZ BERAMIZ! Qaytmas o‘sha og‘ir qadamlar, Tarixn | Ўқитувчилар

KELAJAKKA OVOZ BERAMIZ!

Qaytmas o‘sha og‘ir qadamlar,
Tarixning tosh izidan yurib.
To‘p-to‘p bo‘lib kelar odamlar,
Islomidan isnodni surib.

Osmonida bo‘lmas xavotir,
Quyosh kulib turadi mudom.
Bulutida hayot bor, ahir,
Xayolida Masjidul Harom.

Yangramoqda besh vaqt azoni,
Tong otmoqda uyg‘onib iymon.
Namozida endi qazoni
Qilmay qo‘ydi hur, ozod inson.

To‘ylarda ham o‘qilar Qur’on,
Bayram bo‘ldi chinakam Hayit.
Komil Haqqa yetishdi iymon,
Yetishgandek Jannatga mayit.

Qalbga orom bo‘ldi Ramazon,
Ochlik ketib, to‘ydi taqvoga.
Beruniylar yo Abu Rayhon,
Qayta keldi yana dunyoga.

Hayo ila yopingan ayol,
Shahvatlardan holi jamiyat.
Tojdan ulug‘ bo‘lganda ro‘mol,
Toptalmaydi sira hamiyat.

Zalolatni ko‘mdik qabrga,
Jaholatdan yuz burdi avom.
O‘rganib ham qoldik sabrga,
Kerak endi shunchaki orom.

Ohiratning o‘ylab g‘amini,
Unutishdi ichishni sharob.
Umrimizning qolgan kamini,
To‘ldiradi dedilar, savob.

Haqdorlarga berilar zakot,
Ehson olay deguvchi yo‘qdir.
Bunchalar ham go‘zalsan, hayot,
Kelajakdan koʻnglimiz to‘qdir.

Orzu qilgan yetar murodga,
Nochorga ham bir qadam Ka’ba.
Yaqinlashib qoldik sirotga,
Dildan tilda aytilar tavba.

Bu zamonga shukronalik kam
Bo‘lmasinda ey, ona xalqim!
Dorilomon kunlaringda ham,
Noliguvchi bo‘lmagin, tokim.

Musaffo osmonim uchun ham,
Men seni o‘n karra o‘paman.
Sen borsan, shu menga bir olam,
Iymonim – ishonchim, ey Vatan!

Yangidan tugʻilar Qomusim,
Men seni yoʻrgakka oʻrayman.
Chunki sen orim ham nomusim,
Allohdan, umringni soʻrayman.

Sen – bizni chorlagan kelajak,
Kutmoqda saodat maskani.
Xalqimiz maqsadi mushatarak,
Hilpirar orzular yelkani.

Temurning adolat soʻzi bor,
Shoning bor, koʻksimiz keramiz.
Yuksalsin deb, yana, bu diyor,
Kelajakka ovoz beramiz!

Hamid IKROM
Qoʻqon universiteti talabasi

@pedagoglarmiz